Andijonda Jahon Qora dengiz forumi o‘tkaziladi
Istanbul shahrida Qora dengiz hududidagi 47 uyushmani birlashtirgan “KarKon” – Jahon Qora dengizliklar konfederatsiyasi kongressi bo‘lib o‘tdi.
45 kishilik boshqaruv va maslahat hay’ati ishtirokida o‘tgan yig‘ilishda kelgusi faoliyatga oid muhim qarorlar qabul qilinib, tasdiqlandi.
“KarKon” raisi Sitqi Ada rahbarligida mamlakat ichida va xorijda o‘tkaziladigan birlik va hamjihatlikka oid yangi davr yo‘l xaritasi chizildi.
Ta’qidlash joiz, O‘zbekiston ushbu federatsiya tarkibida faol ishtirok etayotgan yagona xorijiy davlat. Mamlakatimiz jurnalist, olim va jamoat arboblari tashkilot boshqaruv kengashi va umumiy faoliyatida ishtirok etib keladi. Qolaversa, ayni jarayon O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi tarixiy, madaniy va ma’naviy rishtani yanada mustahkamlash, turkiy xalqlar hamkorligi ko‘lamini kengaytirish hamda ilm-fan, ta’lim, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati sohalarida yangi loyihalar amalga oshirish uchun mustahkam poydevor yaratgan.
Vatandoshlarimizning xalqaro maydondagi bunday faolligi O‘zbekiston ijobiy imijini targ‘ib qilish, milliy madaniyatimiz va qadriyatlarimizni keng jamoatchilikka tanitish, ikki qardosh xalq o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Konfederatsiya boshqaruv kengashi a’zosi, Tashqi aloqalar komissiyasi raisi doktor Kamol Oydin O‘zA muxbiriga joriy yil Turk dunyosi madaniy poytaxti sifatida tanlangan Andijon shahrida Jahon Qora dengiz forumi o‘tkazilishi rejalashtirilganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, anjuman doirasida tashkil etiladigan “Qora dengiz Ekspo” xalqaro ko‘rgazmasida mintaqa davlatlari o‘z iqtisodiy, madaniy, sayyohlik va sarmoyaviy imkoniyatini namoyish etadi. Tadbirda Turkiyaning 21 viloyati qatori Gretsiya, Bolgariya, Ruminiya, Shimoliy Makedoniya, Moldova, Ukraina, Rossiya, Gruziya, Ozarbayjon va Armaniston vakillari ishtiroki ham kutilyapti.
Forumga tayyorgarlik jarayonida Anqara shahridagi Turksoy qarorgohida hamkorlikka oid memorandum va tashkiliy bayonnomalar imzolanadi. Tadbir doirasida ta’lim, sog‘liqni saqlash, turizm, madaniyat, qishloq xo‘jaligi, energetika, atrof-muhit va shaharsozlik sohalarida sheriklik masalalari muhokama qilinadi. Savdo-iqtisodiy aloqalar ko‘lamini kengaytirish, investitsiya jalb etish va yangi sheriklik mexanizmlarini shakllantirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Umuman, mazkur anjuman turk dunyosi va Qora dengiz mintaqasi mamlakatlari hamkorligini mustahkamlashi, madaniy yaqinlikni kuchaytirishi, iqtisodiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishi shubhasiz.
Nodira Kayimova,
Istanbul, Turkiya