Andijonda 5 nafar egizak dunyoga keldi
Andijon shahar 2-son tug‘uruq majmuasida 5 nafar egizak dunyoga keldi. Bu xushxabar Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi.
Andijon shahridagi "Qayrag‘ochtosh” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Nargiza Bekjonova joriy yilning 6-iyul kuni ko‘p homilalik tashxisi bilan mazkur muassasaga qabul qilingan edi. Unda muddatidan ilgari tug‘uruq tashxisi bilan kesarcha kesish amaliyoti o‘tkazildi.
Tug‘uruq jarayoni malakali akusher-ginekolog, neonatolog va reanimatologlar tomonidan muvaffaqiyatli bajarildi.
Chaqaloqlarning ko‘rsatkichlari quyidagicha:
Birinchi chaqaloq: qiz, vazni 1450 gr;
Ikkinchi chaqaloq: o‘g‘il, vazni 1605 gr;
Uchinchi chaqaloq: qiz, vazni 1495 gr;
To‘rtinchi chaqaloq: o‘g‘il, vazni 1585 gr;
Beshinchi chaqaloq: qiz, vazni 1205 gr.
Ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida ona va chaqaloqlar Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Andijon viloyati filialiga o‘tkazildi.
Ayni paytda 5 nafar egizak va ularning onasi malakali tibbiyot xodimlari nazoratida, ahvollari yaxshi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda ham ushbu tibbiyot muassasasida 4 nafar egizak dunyoga kelgan edi.
M.Qosimova, O‘zA