Ichki yo‘llar yangilanmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 6-martdagi "Sirdaryo viloyatining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori asosida Guliston tumanida ichki yo‘l infratuzilmasini yaxshilash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur qaror doirasida tumanning 40 ta ichki ko‘chasida 25 kilometrdan ortiq yo‘lga sifatli asfalt qoplamasi yotqizilib, foydalanishga topshirildi. Bu esa mahallalarda transport harakatini yengillashtirish, aholi uchun qulay va xavfsiz qatnov sharoitlarini yaratishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Belgilangan manzilli dasturga muvofiq, Guliston tumanining 19 ta mahallasidagi 48 ta ichki ko‘chada jami 30 kilometr yo‘lni asfaltlash rejalashtirilgan. Ayni paytda rejaning asosiy qismi bajarilib, qolgan hududlarda ham yo‘lsozlik ishlari jadal sur’atlarda davom ettirilmoqda.

Yo‘llarni ta’mirlash va asfaltlash jarayonida sifat masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Guliston tumani Yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi mutaxassislari tomonidan zamonaviy texnika vositalari yordamida amalga oshirilayotgan ishlar belgilangan texnik talablar asosida olib borilmoqda.
Qurilish-ta’mirlash ishlarining borishi va sifati bilan tanishish maqsadida Guliston tumani hokimi Olimjon Jo‘rayev Oltin vodiy mahallasida bo‘lib, amalga oshirilayotgan ishlar jarayonini ko‘zdan kechirdi. Mas’ullarga yo‘l qoplamalarining sifatli bajarilishini ta’minlash, belgilangan muddatlarga rioya qilish hamda ishlarni samarali tashkil etish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Ichki yo‘llarning bosqichma-bosqich yangilanishi mahallalarning obodligiga, aholi turmush sharoitining yaxshilanishiga xizmat qilmoqda. Ilgari harakatlanishda qiyinchilik tug‘dirgan yo‘llarning zamonaviy qoplamaga ega bo‘lishi natijasida fuqarolar uchun kundalik qatnov yanada qulay va xavfsiz bo‘lmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri