Andijon yurtida to‘lgan oy
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, “Do‘stlik” ordeni sohibi Farid Usmon 1946-yil 1-avgustda Andijon shahrida xizmatchi oilasida tug‘ilgan. O‘sha davrda, shoir tug‘ilgan mahalla shaharning chekka hududi hisoblanib, bog‘lar, tutzor va paxtazorlar bilan tutash edi.
Farid Usmon dastlab Andijon shahridagi 14-maktabda tahsil olib, yettinchi sinfga o‘tgandan keyin kechki ishchi-yoshlar maktabiga o‘qishini ko‘chirgan va kunduzi ishlab, kechqurun o‘qiy boshlagan. Oila a’zolari, mahalladoshlari, do‘stlari orasida Sharobiddin deb atalgan bo‘lajak shoir o‘zbek tili va adabiyot o‘qituvchisi Isomiddin Zokirov ta’sirida adabiyotga muhabbat qo‘ygan. Furqat, Muqimiy, Zavqiy, Mashrab she’rlarini o‘qib, yodlab, o‘zi ham she’rlar mashq qilardi.
U Andijon davlat instituti(hozirgi Andijon davlat universiteti)ning filologiya fakultetiga o‘qishga kirib, Amanullo Valixonov, Imodiddin Qosimov, Fathiddin Ishoqov kabi ulug‘ ustozlarning sabog‘ini olgan. Yosh shoirning ilk mashqlari 1966-yilda matbuotda e’lon qilingan.
1976-yilda Erkin Vohidov tavsiyasi bilan Farid Usmonning o‘nta g‘azali G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyotida chop etilgan “Yoshlik bayozi”da e’lon qilingan. 1979-yilda “Yosh gvardiya” nashriyotida “Oltin belanchak” turkumida uning ilk kitobi – “Vodiy g‘azallari”da nashr etilgan. U ushbu ilk kitobi bilan Abdulla Oripov, Jamol Kamol, Normurod Narzullayev, Mahkam Mahmud singari atoqli shoirlar, olimlar e’tirofiga sazovor bo‘lgan.
1985-1987-yillarda Moskvadagi Maksim Gorkiy nomidagi jahon adabiyoti institutining oliy adabiyot kursida tahsil olgan shoir bu yillarda nafaqat rus, balki qardosh xalqlar va jahon adabiyoti bilan yaqindan tanishdi. Turli yillarda yozilgan she’r va g‘azallari jamlangan “Umid gulzori”, “Navosiz navo”, “Qadr kechasi”, “Ul qaro ko‘z bo‘lmasa”, “Jon qushi” kabi kitoblari birin-ketin nashr etildi.
Farid Usmon olgan bilimlari, ustozlar o‘giti, tinimsiz izlanish va ijod mashaqqatlari, uyqusiz kechalar evaziga serqirra ijodkor sifatida shakllandi. Ijodkorning bolalarga bag‘ishlangan she’riy, nasriy, sahna asarlari uning ijodida alohida o‘rin tutadi. “Oq oltinga ko‘k chiroq”, “Bir juft binafsha”, “Men kichikmas, kattaman”, “Quyosh rasmi”, “Navro‘zda o‘yna, kuyla!” singari kitoblari shular jumlasidandir. Uning bolalar qo‘g‘irchoq teatrlari uchun yozgan “Ro‘molchadagi qiz”, “Hovlidagi hangoma” kabi asarlari asosida sahnalashtirilgan spektakllar Markaziy Osiyo davlatlari qo‘g‘irchoq teatrlari tanlovlarida bir necha bor sovrinli o‘rinlarni egallagan.
Mustaqillik yillarida ijodkorning “Husn devoni”, “Ruh bulbuli”, “Shaklar qo‘shig‘i”, “Yangi oy” (devon), “Sanashni biladigan mushuk”, “Shoh Bobur yulduzi”, “O‘shal damlar”, “Har kimning o‘z xotirasi bo‘lur”, "Vaqtichog‘lik gullari", “Qaytish”, “Parvozga shaylangan qalb”, “Hayot va hayo”, "Andijon yurtida to‘lgan oy”, “Topganlarim”, “Seni sevganim rost”, “Tunda chopgan oq tulpor”, “Noyob iste’dod egasi”, “Quridim qudug‘i afsonasi”, “Aruzni o‘rganish ishtiyoqi” kabi ko‘plab kitoblari nashr etildi.
U O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi badiiy adabiyotni targ‘ib qilish markazining viloyat vakili vazifasida, kasb-hunar o‘quv yurtlari tizimi uchun o‘zi tashkil etgan “Kelajak” gazetasi muharriri sifatida faoliyat yuritgan yillarida ko‘plab yosh iste’dodlarni yuzaga chiqarishga alohida e’tibor qaratdi.
Shoirning ko‘plab she’r va g‘azallari O‘zbekiston xalq artistlari Nuriddin Hamroqulov, Zamira Suyunova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Yahyobek Mo‘minov tomonidan kuylangan. “Sendadur”, “Sochlaringda tun uyqusi”, “Oq qush”, “Shirinliging shakarliging”, “Kumushim deymu seni”, “O‘shal damlar” qo‘shiqlari shular jumlasidan.
Adib keyingi yillarda tarixiy mavzuda bir nechta asarlar yaratdi. “Bobur podshoh”, “Xonlar tarixi”, “Chingizxon avlodlari”, “Muhammad Shayboniyxon qismati”, “Musulmon sayyohlar”, “Navoiy tug‘ilgan joy”, “Bobur tug‘ilgan joy” kabi kitoblari o‘z muxlislarini topdi. Ijodkorning shu kungacha nazmiy, nasriy, publitsistik, sahna asarlaridan iborat yetmishga yaqin kitoblari adabiyot muxlislariga tortiq etildi.
Ustoz adibning hayot tarzi tinimsiz izlanish, yangi asarlar yaratib, kitobxonlar, adabiyot ixlosmandlarini xursand qilish bilan chambarchas bog‘liq desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Joriy yilda u o‘n jildli “Asarlar” to‘plamini kitobxonlar e’tiboriga havola etganligi fikrimizga misoldir.
Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, ulkan bunyodkorlik ishlari, fidoyi yurtdoshlarimiz yutuqlari aks etgan qator asarlari orqali milliy adabiyotimiz xazinasini boyitib kelayotgan atoqli adib Farid Usmon bu yil 80 yoshni qarshi oldi.
Mazmunli umri, samarali ijodiy faoliyati bilan kitobxonlar, san’at, adabiyot muxlislari e’tiborini qozongan adibga bundan buyon ham milliy adabiyotimiz targ‘iboti, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish yo‘lidagi ishlarida mustahkam sog‘liq, ijodiy barkamollik tilab qolamiz.
Xurshida Vahobjon qizi,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Andijon viloyati bo‘limi rahbari.
O‘zA