Andijon kuzning oltin ranglariga burkandi
Kuz fasli Andijonga o‘zgacha fayz va tarovat bag‘ishlamoqda. Shahar ko‘chalari, bog‘ va xiyobonlaridagi daraxtlar sarg‘ish, qizg‘ish va tillarang tusga kirib, atrofga betakror go‘zallik baxsh etgan.
Ayniqsa, ayni kunlarda shaharning so‘lim maskanlari, sayilgoh va xiyobonlarida kuzning ajib manzaralarini kuzatish mumkin. Mayin shabadada tebranayotgan daraxt shoxlari, yerga ohista to‘kilayotgan xazonlar, turfa ranglarga burkangan tabiat kishiga o‘zgacha zavq va xotirjamlik bag‘ishlaydi.
Kuzning mo‘’tadil ob-havosi shahar aholisi uchun ochiq havoda sayr qilish, oila davrasida hordiq chiqarish va tabiat go‘zalligidan bahramand bo‘lishga qulay imkoniyat yaratmoqda. Xiyobonlarda sayr qilayotgan oilalar, yoshlar va nuroniylar shaharning osoyishta hayotiga yanada fayz bag‘ishlaydi.
Daraxtlardan to‘kilgan tillarang barglar yo‘laklar uzra go‘yo tabiiy gilam to‘shagandek. Kuz quyoshi nurlarida tovlanayotgan daraxtlar, ozoda ko‘chalar va obod maskanlar Andijonning ko‘rkam qiyofasini yanada jozibador etmoqda.
Shaharning yashil hududlari nafaqat aholi dam olishi uchun qulay muhit yaratish, balki ekologik muvozanatni saqlashda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Bog‘ va xiyobonlarni asrab-avaylash, daraxtlarga g‘amxo‘rlik qilish atrof-muhit musaffoligi hamda shahar obodligini ta’minlashning muhim omillaridandir.
[gallery-32224]
Darhaqiqat, kuz — tabiatning eng nafis va sokin fasllaridan biri. Andijonning bugungi manzaralarida ham uning o‘ziga xos tarovati, ranglar jilosi va betakror go‘zalligi yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Zuhriddin UMURZOQOV (surat), O‘zA