Amudaryoda xotin-qizlar bandligiga e’tibor
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanida xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ularni kasb-hunarga o‘rgatish va tadbirkorlikka jalb etish borasida amaliy ishlar olib borilmoqda. Xususan, tumanning Alisher Navoiy nomli mahallasida faoliyat yuritayotgan tikuvchilik kooperatsiyasi xotin-qizlar uchun doimiy daromad manbaiga aylangan.
Tadbirkor Sharofat Yo‘ldosheva rahbarlik qilayotgan mazkur kooperatsiyada 30 nafarga yaqin xotin-qiz ish bilan ta’minlangan. Bu yerda tayyorlanayotgan turli kiyim-kechaklar ichki bozorga yetkazib berilishi bilan birga, qo‘shni Qozog‘istonga ham eksport qilinmoqda.
Kooperatsiyada xodimlar uchun zarur mehnat sharoitlari yaratilgan. Zamonaviy tikuv uskunalari yordamida xaridorlar talabiga mos mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.
Tadbirkorning ta’kidlashicha, faoliyat ko‘lamini kengaytirish maqsadida tumanning “Choyko‘l” va “To‘lqin” ovul fuqarolar yig‘inlari hududlarida ham kooperatsiya filiallari tashkil etilgan. Natijada olis hududlarda istiqomat qiluvchi xotin-qizlar uchun qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilmoqda.
Shuningdek, Sh. Yo‘ldosheva xotin-qizlarni kasbga o‘rgatishga ham alohida e’tibor qaratgan. Jumladan, Jayxun va Do‘rmon mahallalarida xotin-qizlarga tikuvchilik hunari o‘rgatilib, ularning amaliy ko‘nikmalari oshirilmoqda.
[gallery-32052]
Kelgusida kooperatsiya faoliyatini yanada kengaytirish, tumanning boshqa mahallalarida ham xotin-qizlar bandligini ta’minlashga qaratilgan tashabbuslarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA