Amerikadagi vatandoshlardan Prezidentimizga maktub: Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga o‘z munosib hissamizni qo‘shamiz
Vatanimiz Mustaqilligining 35 yilligi arafasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga AQSH va Kanadada yashayotgan vatandoshlarimizdan maktub keldi.
Davlatimiz rahbariga yo‘llangan ushbu murojaat “Vatan Global Alliance” jamiyati raisi Ozod Soliyev, O‘zbekiston xalq artistlari Ezro Malakov va Muhabbat Shamayeva, Filadelfiyadagi “Vatan” jamiyati raisi Sadullo Ahmedov, Nyu-Yorkdagi “Vatan” jamiyati raisi Baxtiyor Qodirov hamda Amerikada yashab turgan 500 nafar vatandoshimiz tomonidan imzolangan.
Quyida murojaat matni to‘liq holda havola etiladi.
“Muhtaram Shavkat Miromonovich!
Biz, Amerika Qo‘shma Shtatlari va Kanadada yashayotgan vatandoshlaringiz, Sizga chuqur hurmat va samimiy minnatdorligimizni izhor etib, ushbu Murojaatni yo‘llamoqdamiz.
Yaqinda Filadelfiya va Nyu-York shaharlarida “Millat shavkati” kitobining taqdimot marosimlari bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirlar biz uchun okean ortida yashab, qalban Vatan bilan hamnafas bo‘lgan vatandoshlarni bir maqsad va bir tuyg‘u atrofida jamlagan muhim ma’naviy voqeaga aylandi.
“Millat shavkati” kitobida tasvirlangan Yangi O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan ulkan o‘zgarishlar, xalq farovonligi va mamlakat taraqqiyoti yo‘lidagi keng ko‘lamli islohotlar, shuningdek, O‘zbekistonning xalqaro maydonda tobora yuksalib borayotgan nufuzi haqidagi fikrlar vatandoshlarimizda katta qiziqish va mamnuniyat uyg‘otdi.
Taqdimotlar davomida bildirilgan samimiy fikrlar, Vatanimizda kechayotgan o‘zgarishlarga bo‘lgan yuksak qiziqish va vatandoshlarimiz qalbidagi faxr tuyg‘usi bizga yana bir haqiqatni ko‘rsatdi: Okeanlar va minglab chaqirim masofalar bizni Vatandan ajrata olmaydi. Qayerda yashamaylik, barchamizni birlashtirib turadigan yagona va aziz Vatan O‘zbekistondir!
Muhtaram Prezident!
Sizning rahbarligingizda bugun mamlakatimiz o‘z so‘zi, qat’iy pozitsiyasi, ochiq siyosati va aniq taraqqiyot maqsadlariga ega bo‘lgan davlat sifatida jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallab bormoqda. Biz, xorijda yashayotgan vatandoshlar, bu o‘zgarishlarni, ayniqsa, yaqqol his qilmoqdamiz.
Bir vaqtlar chet ellarda, xususan, Amerika Qo‘shma Shtatlari va Kanadada istiqomat qilayotgan vatandoshlar uchun Vatanga borish, o‘z yaqinlari bilan diydorlashish, O‘zbekiston bilan erkin va yaqin munosabat o‘rnatish turli qiyinchiliklar bilan bog‘liq edi.
Bugun esa vaziyat tubdan o‘zgardi. Siz boshlab bergan ochiqlik va xalqparvarlik siyosati tufayli xorijdagi vatandoshlarga bo‘lgan munosabat yangi bosqichga ko‘tarildi. Ular bilan muloqot qilish, ularni eshitish, Vatan bilan aloqalarini mustahkamlash va ularning bilim, tajriba hamda imkoniyatlarini O‘zbekiston taraqqiyotiga jalb etish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Ayniqsa, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi munosabatlarning yangi bosqichga ko‘tarilayotgani bizga alohida g‘urur va mamnuniyat bag‘ishlamoqda.
Sizning AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan olib borayotgan bevosita va ishonchli muloqotingiz, oliy darajadagi uchrashuv va telefon suhbatlari, shuningdek, AQSH hukumati, Kongressi va ishbilarmon doiralari bilan kengayib borayotgan hamkorlik O‘zbekistonga nisbatan Amerikadagi e’tiborning tobora oshishiga xizmat qilmokda.
Bugun ikki davlat o‘rtasida siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik, ta’lim, madaniyat va boshqa sohalarda yangi imkoniyatlar ochilayotganini ko‘rib turibmiz.
Muhtaram Prezident!
Siz olib borayotgan siyosat bizga nafaqat yangi imkoniyatlar yaratmokda, balki zimmamizga katta mas’uliyat ham yuklamokda.
Biz xorijda yashab, O‘zbekistondagi jarayonlarni faqat kuzatib turuvchi insonlar bo‘lib qolmasligimiz kerak. Biz hozir yashab turgan mamlakatlarda O‘zbekistonning munosib vakillari bo‘lishimiz, Vatanimizning haqiqiy qiyofasini keng jamoatchilikka yetkazishimiz, uning manfaatlarini qo‘llab-quvvatlashimiz va O‘zbekiston bilan dunyo mamlakatlari o‘rtasida yangi do‘stlik va hamkorlik ko‘priklarini qurishimiz zarur.
“Vatan Global Alliance” jamiyati Amerika Qo‘shma Shtatlari va Kanadada yashayotgan vatandoshlarimizni birlashtirish, ularning intellektual, iqtisodiy va ijtimoiy salohiyatini umumiy ezgu maqsadlar atrofida jipslashtirish hamda O‘zbekiston bilan aloqalarini yanada mustahkamlash yo‘lida faoliyat olib bormokda.
Biz AQSH Kongressi a’zolari, jumladan, kongressmenlar Brayan Fitspatrik, Brendon Boyl, shuningdek, shtat va shaharlar darajasidagi davlat va jamoat arboblari, gubernatorlar va merlar idoralari, ishbilarmon doiralar hamda turli millat va jamoalar vakillari bilan aloqalarni kengaytirishga harakat qilmokdamiz.
Biz Amerika, Kanadada va boshqa davlatlarda O‘zbekiston haqida yanada ko‘proq gapirilishini istaymiz.
O‘zbekistonning boy tarixi va madaniyatini, xalqimizning qadriyatlarini, bugungi taraqqiyoti va ulkan iqtisodiy imkoniyatlarini dunyo jamoatchiligiga yanada kengroq tanitishni istaymiz.
Biz amerikalik tadbirkor va investorlarni O‘zbekistonga jalb qilish, yangi texnologiyalar, bilim va tajribalarni Vatanimizga olib borish, ta’lim va madaniy aloqalarni kuchaytirish, ayniqsa, xorijda ulg‘ayayotgan yosh avlodni ona Vatan bilan mustahkam bog‘lashni o‘zimizning muhim vazifalarimizdan deb bilamiz.
Muhtaram Shavkat Miromonovich!
“Millat shavkati” kitobining Amerikadagi taqdimotlari yana bir muhim haqiqatni namoyon qildi: bugun Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar va erishilayotgan yutuqlar okean ortida yashayotgan yuz minglab vatandoshlarimiz qalbida ham aks-sado bermokda.
Vatanning obro‘si – bizning obro‘yimiz.
O‘zbekistonning yutug‘i – bizning yutug‘imiz.
O‘zbekiston bayrog‘ining dunyo maydonida baland ko‘tarilishi – har bir vatandoshimiz uchun faxr va iftixordir.
Shu sababli ushbu murojaat orqali Sizga nafaqat minnatdorligimizni bildirmoqchimiz, balki bir muhim fikrni ham yetkazmoqchimiz:
Biz Vatanimiz bilan birgamiz.
Biz qo‘limizdan kelguncha Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga o‘z munosib hissamizni qo‘shamiz.
Biz O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishga tayyormiz.
Biz o‘z bilimimiz, tajribamiz, imkoniyatlarimiz, aloqalarimiz va salohiyatimizni O‘zbekistonimiz ravnaqi va xalqimiz farovonligi yo‘lida safarbar etamiz.
Sizning Yangi O‘zbekistonni yanada kuchli, farovon, ochiq va dunyoda munosib o‘rin egallagan davlatga aylantirish yo‘lidagi sa’y-harakatlaringizni yuksak qadrlaymiz va qo‘llab-quvvatlaymiz.
Sizga mustahkam sog‘liq, kuch-g‘ayrat, oilaviy xotirjamlik hamda xalqimiz va Vatanimiz ravnaqi yo‘lidagi mas’uliyatli faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz.
Muhtaram Shavkat Miromonovich!
Shu fursatdan foydalanib, Sizni va Siz orqali butun O‘zbekiston xalqini Vatanimiz Mustaqilligining 35 yilligi bilan chin qalbimizdan muborakbod etamiz. Mustaqillik – xalqimizning eng ulug‘ ne’mati, milliy g‘ururimiz va kelajagimiz poydevoridir. Bugun Yangi O‘zbekistonning jahon maydonida tobora yuksalib borayotgan obro‘-e’tibori, xalqimiz hayotidagi ulkan o‘zgarishlar va ertangi kunga bo‘lgan ishonch Mustaqilligimizning naqadar buyuk qadriyat ekanini yana bir bor namoyon etmoqda. 35 yillik qutlug‘ sana barcha yurtdoshlarimizga, shu jumladan, dunyoning turli burchaklarida yashayotgan vatandoshlarimizga muborak bo‘lsin!
Vatanimiz tinch, xalqimiz farovon, mustaqilligimiz abadiy va O‘zbekistonimizning dunyodagi mavqei yanada yuksak bo‘lsin”.
O‘zA