“Yangi O‘zbekiston” massivi — Mustaqilligimizning 35 yilligiga munosib tuhfa
FOTOREPORTAJ
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida Jizzax viloyati Do‘stlik tumanida aholi uchun zamonaviy va qulay turmush sharoitlarini yaratish, hududlarni obodonlashtirish borasidagi ishlar izchil davom etmoqda. “Chinobod” mahallasi hududida barpo etilgan “Yangi O‘zbekiston” massivining foydalanishga topshirilishi ham ana shu bunyodkorlik ishlarining amaliy natijasi bo‘ldi.
Yangi massivning ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda Do‘stlik tumani hokimi Shavkat Darvishev, tuman faollari, nuroniylar, yangi xonadon sohiblari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda yurtimiz mustaqilligining 35 yilligi bilan yig‘ilganlar muborakbod etilib, massivda amalga oshirilgan qurilish-bunyodkorlik ishlari, aholi uchun yaratilgan sharoitlar va kelgusidagi rejalar haqida ma’lumot berildi.
[gallery-31108]
— “Yangi O‘zbekiston” nomi bilan atalgan ushbu massiv Mustaqilligimizning 35 yilligiga munosib tuhfa bo‘ldi. Bu maskan nafaqat yangi uy-joylar, balki aholi uchun zarur muhandislik infratuzilmasi va qulay hayot muhitini o‘zida mujassam etgan. Asosiy maqsadimiz — har bir oilaning o‘z uyida xotirjam va munosib sharoitda yashashini ta’minlash, - deydi Do‘stlik tumani hokimi Shavkat Darvishev.
Massivda ko‘p qavatli uylar va ijtimoiy soha ob’ektlarini zarur muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi.
Xususan, uy-joylar va ijtimoiy soha ob’ektlarini markazlashtirilgan issiqlik bilan ta’minlash maqsadida 11,7 milliard so‘m mablag‘ evaziga zamonaviy issiqlik tizimi ishga tushirildi. Ichki yo‘llarni qurish va ta’mirlash ishlariga 5,8 milliard so‘m, ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlarini yangilashga 2,5 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
Shuningdek, 2,8 milliard so‘m mablag‘ hisobidan 4 kilometr uzunlikdagi 10 kVli yangi elektr tarmog‘i tortilib, 6 ta 630 kVA quvvatli transformator o‘rnatildi.
Hududning ekologik muhitini yaxshilash maqsadida “Yangi O‘zbekiston bog‘i” barpo etildi. U yerga 2 ming tup manzarali daraxt ko‘chati ekildi.
Massivda ijtimoiy soha ob’ektlarini barpo etish va mavjudlarini kengaytirish ishlari ham davom ettirilmoqda.
Jumladan, Mustaqillik bayrami arafasida 3-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining 120 o‘rinli yangi korpusi foydalanishga topshirildi. 2 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ evaziga qurilgan mazkur korpus ishga tushirilishi natijasida maktabgacha ta’lim tashkilotidagi o‘rinlar soni 500 tadan oshdi.
Shu bilan birga, kelgusida massivdagi 14-sonli umumta’lim maktabi uchun 1000 o‘rinli yangi o‘quv binosi qurish rejalashtirilgan.
Tadbirning muhim voqealaridan biri yangi xonadon sohiblariga uy kalitlarining topshirilishi bo‘ldi.
Massivda foydalanishga topshirilgan 20 ta ko‘p qavatli uydagi 400 ta xonadonga 400 oila — 1,5 ming nafardan ortiq aholi ko‘chib o‘tdi.
Yangi uy-joylarni xarid qilishda aholini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 200 milliard so‘mdan ziyod ipoteka kreditlari ajratildi. 350 ta xonadon sohibiga boshlang‘ich badal to‘lovi uchun 15 milliard so‘mdan ortiq subsidiya to‘lab berildi.
— Ko‘p yillardan buyon o‘z uyimizga ega bo‘lishni orzu qilar edik. Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida subsidiya va imtiyozli kredit asosida barcha sharoitlarga ega yangi xonadon kalitini qabul qilib oldik. Uyimizda issiqlik, suv va elektr ta’minoti yo‘lga qo‘yilgan. Bunday imkoniyatlardan juda mamnunmiz, - deydi yangi xonadon sohiblaridan biri Nurali Hamroyev.
Yangi massivda barpo etilgan ko‘p qavatli uylar bilan bir qatorda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, ijtimoiy ob’ektlar va obodonlashtirilgan hudud aholi uchun qulay yashash muhitini ta’minlamoqda.
Tantanali tadbir tuman Madaniyat bo‘limi ijodiy jamoalari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi bilan davom etdi.
Jamshid YORBEKOV(surat),O‘zA