Osiyo mamlakatlari o‘rtasida hamjihatlik, o‘zaro ishonch va hamkorlik – taraqqiyotni ta’minlaydi
Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi “Umumiy kelajak, Osiyoning yangi sahifasi: Osiyo mamlakatlari yagona hamjamiyatini barpo etish” mavzusida Pekin shahrida o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada ishtirok etdi.
Tadbirda turli mamlakatlarning siyosiy va jamoat arboblari, Xitoy vazirlik va idoralari rahbarlari, diplomatik korpus vakillaridan iborat 200 dan ortiq kishi qatnashdi.
Konferensiyaning ochilishi marosimida Sodiq Safoyev Yangi O‘zbekistonni barpo etish doirasida amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy yo‘nalishlari, maqsad va vazifalari haqida qisqacha so‘zlab berdi. Shuningdek, Markaziy Osiyoda so‘nggi yillarda shakllangan yaqin qo‘shnichilik va hamkorlik muhiti alohida e’tirof etildi. Osiyo mintaqasida tinchlik va do‘stlikni mustahkamlashga qaratilgan takliflar ilgari surildi.
Tadbir ishtirokchilari o‘z chiqishlarida Osiyo mamlakatlari o‘rtasida hamjihatlik, o‘zaro ishonch va hamkorlikni kuchaytirish, umumiy taraqqiyot va farovonlikni ta’minlash muhimligini ta’kidladi.

Konferensiyada ishtirok etgan ayrim xorijiy delegatsiyalar rahbarlari bilan ham uchrashuvlar o‘tkazildi. Jumladan, Butunxitoy xalq vakillari kengashi raisi o‘rinbosari Van Dunmin bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish, ikki mamlakat rahbarlari belgilagan vazifalar ijrosini ta’minlash masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, Butunxitoy xalq vakillari kengashi delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish imkoniyati ham ko‘rib chiqildi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Xitoy munosabatlari so‘nggi yillarda yuqori bosqichga ko‘tarilgani qayd etildi. Van Dunmin bu jarayonda ikki mamlakat rahbarlarining muhim o‘rnini alohida ta’kidladi.

Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasi prezidenti Gao Syan, Pekin universiteti rektori Gao Sun hamda Sinxua universiteti rektori Li Lumin bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda esa Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Xitoyning yetakchi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasida hamkorlikni yanada rivojlantirish, yangi istiqbolli yo‘nalishlarni belgilash yuzasidan fikr almashildi.
N.Abduraimova, O‘zA