Alisher Navoiyning g‘oyalari, boy ma’naviy merosi bugun ham dolzarb
Mamlakatimizda shoir bobokalonimiz, millatimizning faxru iftixori bo‘lgan alloma Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligi har qachongidan ham ko‘tarinki va bayramona ruhda nishonlanmoqda.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning “Alisher Navoiy va Sharq Renessansi” IV xalqaro simpoziumi ishtirokchilariga tabrigi ushbu sanaga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.
9 fevral kuni an’anaga ko‘ra, erta tongdanoq poytaxtimizning Adiblar xiyobonidagi Alisher Navoiy haykali poyidagi maydon har qachongidan ham gavjum bo‘ldi.
Bu yerga turli O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, vazirlik va idoralar, ijodiy va jamoat tashkilotlari, oliy o‘quv yurtlarining vakillari, ijodkor ziyolilar, media soha xodimlari, ma’naviyat targ‘ibotchilari to‘plandi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda olib borilayotgan ma’rifiy yangilanish jarayonlarida Alisher Navoiy merosini o‘rganishga, targ‘ib etishga jiddiy e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Darhaqiqat, Alisher Navoiy merosi nainki O‘zbekistonda, balki butun jahonda katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Vengriyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yojef Roja venger sharqshunos olimi Armin Vemberi Mulla Ishoq ko‘magida O‘zbekistonning bebaho madaniy merosini o‘rganishga muvaffaq bo‘lganini e’tirof etdi.
– Vamberi Alisher Navoiy asarlarini tarjima qilgan, buning natijasida uning durdona asarlari nainki vengerlar, balki butun Yevropa uchun namoyon bo‘lgan, - dedi Vengriyaning Favqulodda va muxtor elchisi Yojef Roja. – Ishonchim komilki, buyuk mutafakkirning g‘oyalari, qarashlari, boy ma’naviy merosi bugun ham dolzarbligicha qolmoqda. Uning 584 yillik tavallud ayyomini siz – o‘zbekistonliklar bilan birga nishonlash men uchun ulkan sharafdir!
– Alisher Navoiy tavalludining keng nishonlanishi istiqlol yillarida shakllangan eng yaxshi an’analardan biridir, – dedi Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining “Arab filologiyasi” kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori, professor Shorustam Shomusarov. – Aslida o‘zini tanigan xalq o‘z allomalariga shunday hurmat va ehtirom ko‘rsatadi. Prezidentimizning tegishli farmoni asosida Alisher Navoiy asarlarini xorijiy tillarga tarjima qilishga katta e’tibor qaratilmoqda. Hazrat Alisher Navoiyning “Hayratul-abror” asarini arab tiliga tarjima etishga muvaffaq bo‘ldik. Bu esa Navoiy asarini arab dunyosiga yanada yaqindan tanishtirish imkonini bergani bilan ahamiyatlidir. Ma’lumki, mumtoz adabiyotni xorijiy tillarga tarjima etish katta mas’uliyat, tarixiy shaxslarning hayoti, ijodi, ular yashagan zamon haqida to‘laqonli ma’lumot yetkazishdek vazifani talab etadi. “Xamsa” asarining birinchi kitobi bo‘lmish “Hayratul – abror” dostonida Navoiyning ulug‘vorligi, qarashlari bor bo‘yi-basti bilan namoyon bo‘ladi. Navoiyning axloqi, dunyoqarashi, didaktikasini ifoda etuvchi ushbu asarni arab kitobxonlari katta qiziqish bilan kutib oldilar. Kelgusida ulug‘ mutafakkirning boshqa asarlarini ham arab tiliga tarjima qilish niyatimiz bor.
Tantanali tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo, Vengriyaning yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Yojef Roja, O‘zbekiston Respublikasi Fan arbobi, atoqli olim va ijodkor Abdulla A’zam, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti “Arab filologiyasi” kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori, professor Shorustam Shomusarov Alisher Navoiyning betakror ijodi, ibratli faoliyati xususida batafsil so‘zladi.
Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining xorijdan kelib tahsil olayotgan bir guruh talabalari hamda milliy madaniyat markazlarining faol yoshlari Alisher Navoiy g‘azallarini o‘zbek tilida yod ayti.
[gallery-21642]
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, g‘azalnavis shoir Ismoil Mahmud o‘zining Alisher Navoiy g‘azaliga bog‘langan muxammasini o‘qib berdi.
Buyuk bobokalonimiz g‘azali asosida O‘zbekiston xalq artisti Zamira Suyunova ijrosidagi qo‘shiq tadbirga o‘zgacha kayfiyat bag‘ishladi.
Tantanali tadbirda shoir bobomiz haykali poyiga gullar qo‘yildi.
Bu kabi tadbirlar, anjumanlar, ma’rifiy kechalar, mushoiralar poytaxtimizning Navoiy ko‘chasidagi “Shoirlar xiyoboni”da, oliy o‘quv yurtlari, mahallalar, ma’rifat maskanlarida davom etmoqda.
Nazokat Usmonova,
Nosirjon Haydarov (suratlar), O‘zA