Akademik eshkak eshuvchilarimizdan medallar shodasi
Xitoyning Shenyan shahrida akademik eshkak eshish bo‘yicha davom etayotgan Osiyo chempionatining navbatdagi kunida terma jamoamiz a’zolari bir necha bor shohsupaga ko‘tarildi.
Jumladan, U23 yosh toifasidagi M2 yo‘nalishida Shahriyor Hamdamov va Obid Jo‘raqulov tandemi oltin medalga sazovor bo‘ldi.

Shuningdek, M2x bahslarida Samir Roziqov va Sobir Safaraliyev juftligi, M4 poygalarida Shahriyor Hamdamov, Obid Jo‘raqulov, Ramiz Mustafoyev, Sardor Xayrullayev to‘rtligi bronza medali bilan taqdirlandi.

U19 yosh toifasida W2 bo‘yicha Aydana Smetullayeva va Rayhon Sattorova duetiga teng keladigani topilmadi.

Mazkur yosh toifasidagi M4 yo‘nalishida Daler Ashurov, Shahriyor Sharifov, Muhammad Boboyev, Bobomurod Pardayev to‘rtligi kumush medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, W4 bellashuvida Aydana Smetullayeva, Rayhon Sattorova, Rayhona Karimova, Nurila Abdualiyeva bronza medali bilan taqdirlandi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA