AI kontentlar nega insonni fikrlashdan uzoqlashtirmoqda?
Kundan-kunga ijtimoiy tarmoqlardagi bir necha soniyalik videolar inson ongini egallab bormoqda. Ayniqsa, sun’iy intellekt yordamida yaratilayotgan qisqa “insta-seriallar” tobora ommalashayotgani zamonaviy media makonining yangi hodisasiga aylandi. Bir qarashda oddiy ko‘ringan bu videolar millionlab ko‘rilmoqda, minglab obunachilarni o‘ziga jalb qilib, internet auditoriyasining katta qismini egallab bormoqda. Ammo masalaning eng muhim tomoni bu kontentlar inson tafakkuri, didi va ma’naviy qarashlariga qanday ta’sir ko‘rsatmoqda?
Avvaliga AI orqali yaratilgan kulgili rasmlar yoki noodatiy videolar internet foydalanuvchilari uchun shunchaki qiziqarli tajriba edi. Oradan ko‘p o‘tmay esa bu texnologiya butun boshli “mini seriallar” yaratadigan vositaga aylandi. Bugun tarmoqlarda xiyonat, o‘g‘rilik, sotqinlik, boylik talashuvi kabi sun’iy dramatizmga qurilgan videolar ketma-ketligi juda tez tarqalmoqda.
Eng qizig‘i, bunday videolarning aksariyati mantiqan sayoz bo‘lsa-da, odamlar ularni katta qiziqish bilan kuzatmoqda. “Davomi qachon chiqadi?”, “Buni televizorga qo‘yish kerak!”, “Keyingi qismni kutyapmiz” kabi izohlar ostida ko‘rilmoqda. Bu esa nafaqat kontent yaratuvchilarining, balki tomoshabin didining ham o‘zgarib borayotganini ko‘rsatadi.
AI mutaxassislari esa aynan shu oddiy formuladan foydalanib katta auditoriya to‘plamoqda. Chunki algoritmlar insonning qiziqish, hayrat, g‘azab yoki achinish tuyg‘ulariga bosim o‘tkazadigan syujetlarni tez ilg‘ab oladi. Natijada kontent sifat emas, reaksiyaga xizmat qila boshlaydi.
Aslida sun’iy intellektning rivojlanishi salbiy hodisa emas. Aksincha, AI animatsiya, dizayn va media sohasiga yangi imkoniyatlar olib kirmoqda. Ilgari katta studiyalar va ko‘p mablag‘ talab qilgan ishlarni endilikda oddiy foydalanuvchi ham amalga oshira olyapti. Bu ijodkorlik uchun katta imkoniyat. Ammo muammo texnologiyaning o‘zida emas, undan qanday foydalanishdadir.
Bugungi AI kontentlarining katta qismi inson tafakkurini boyitish emas, uni eng sodda hissiyotlar bilan ushlab turishga qaratilgan. Bir xil syujet, bir xil konflikt va deyarli bir xil yakunlar takrorlanaveradi.
Masalan, xiyonat qilgan rafiqa, ko‘rolmas qo‘shni yoki yaqin insonning sotqinligi - barchasi sun’iy dramatizm asosida qurilgan voqealar. Ularning aksarida hayotiy mantiq ham, tarbiyaviy xulosa ham mavjud emas…
Har qanday media mahsulot auditoriya talabiga qarab shakllanadi. Agar sayoz kontent millionlab ko‘rilayotgan bo‘lsa, albatta, shunga o‘xshash videolar yana va yana yaratiladi. Chunki algoritm sifatni emas, ommaviy reaksiyani rag‘batlantiradi. Eng xavotirli jihati shundaki, bugungi tomoshabin tobora chuqur fikrlashdan uzoqlashib bormoqda. Bir necha daqiqalik video ichida sodda mojaro, baland musiqa va noodatiy qahramonlar yetarli bo‘lib qolmoqda. Inson miyasi tez iste’mol qilinadigan kontentga o‘rganib, mulohaza qilishga erinyotgandek go‘yo.
Bir vaqtlar g‘arb multfilmlari yoki ayrim xorijiy animatsiyalar ustidan “mentalitetga zid”, “tarbiyaviy emas” deya keskin bahslar bo‘lardi. Ammo o‘sha tanqid qilingan multfilmlarning o‘zida ham ma’lum bir g‘oya, yaxshilik va yomonlik o‘rtasidagi kurash, axloqiy xulosa mavjud edi. Hatto sifatsiz deb tanqid qilingan ba’zi o‘zbek multfilmlarda ham insoniy qadriyatlar targ‘ib qilinardi.
Bugungi AI seriallarida esa ko‘pincha na mazmun, na tarbiya, na g‘oya mavjud. Faqat tomoshabinni ushlab qolish uchun yaratilgan sun’iy drama bor.
Albatta, internet erkin maydon. Kim nima ko‘rishni istasa, o‘shani tomosha qiladi. Ammo ommaviy auditoriyaga mo‘ljallangan har qanday mahsulot ma’lum darajada ijtimoiy ta’sir kuchiga ega. Ayniqsa, yosh avlodning ongiga kirib borayotgan kontentlar yaratuvchilardan mas’uliyat talab qiladi.
Har bir video katta falsafiy asar bo‘lishi shart emas. Lekin hech bo‘lmaganda insonni fikrlashga undashi, yangi qarash berishi yoki ijobiy hissiyot uyg‘otishi kerak. Aks holda, sun’iy intellekt inson tafakkurini rivojlantiruvchi vosita emas, uni jo‘nlashtiruvchi vositaga aylanishi mumkin.
Hozir media olamida eng katta muammo texnologiyaning kuchaygani emas, insonning tanlov mezonlari pasayib borayotganidadir. Chunki talab bo‘lmagan joyda sifatli taklif ham yashab qola olmaydi. Sun’iy intellekt insoniyat tarixidagi eng katta texnologik burilishlardan biri bo‘lib qoladi. U san’at, kino, animatsiya va media olamiga ulkan imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Ammo har qanday texnologiya singari uning qadri undan qanday foydalanilishiga bog‘liq.
Agar AI faqat sensatsiya, jo‘n drama va mantiqsiz syujetlar ishlab chiqarishga xizmat qilsa, bu inson didining tanazzulini tezlashtiradi. Ammo u mazmunli, tarbiyaviy va sifatli kontent yaratishga yo‘naltirilsa, jamiyat uchun foydali vositaga aylanishi mumkin. Shunday ekan, bugungi eng muhim savol texnologiya qanchalik rivojlanayotgani emas, balki inson o‘zi nimani tomosha qilishni tanlayotganidadir.
Dildora DO‘SMATOVA
O‘zA