Orolbo‘yida yozgi oromgohlar mavsumga shaymi?
Qoraqalpog‘iston Respublikasida bolalarning yozgi ta’tilini mazmunli, xavfsiz va sog‘lom tashkil etish maqsadida 2026-yil yoz mavsumiga tayyorgarlik ishlari tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.
– Joriy yil yoz mavsumida respublika hududida jami 11 ta statsionar turdagi bolalar oromgohi faoliyat yuritishi rejalashtirilgan bo‘lib, ularda 7 ming 140 nafar bolaning dam olishi va sog‘lomlashtirilishi ta’minlanadi, –deydi Bolalarning dam olishini va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamentining Qoraqalpog‘iston boshqarmasi boshlig‘i Rahman Madreimov. – Jumladan, departament tasarrufidagi 5 ta oromgohda 4 ming 795 nafar bolalarning dam olishi rejalashtirilgan.

Jumladan, Mo‘ynoq tumanidagi “Oq kema” oromgohida 6 ta smena davomida 1 ming 620 nafar, To‘rtko‘l tumanidagi “Oq kabutar”oromgohida 5 ta smenada 825 nafar, Ellikqal’a tumanidagi “Orol bolalari” oromgohida 5 ta smenada 1 ming 250 nafar, Taxiatosh tumanidagi “Oydin yo‘l” oromgohida 5 smenada 650 nafar, Nukus shahridagi “Turon” oromgohida 5 ta smenada 450 nafar bolaning dam olishi ta’minlanadi. Shuningdek, shahar va tuman hokimliklari tasarrufidagi 5 ta oromgoh hamda “Orol” xususiy oromgohida jami 2 ming 345 nafar bolalarning dam olishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, umumta’lim maktablari, sport maktablari, san’at maktablari, “Kelajak markazlari” va “Yoshlar markazlari” negizida 69 ta kunduzgi oromgohlar tashkil etilib, ularda 16 ming 750 nafar bolalar qamrab olinadi. Jami bo‘lib 2026-yil yoz mavsumida 23 ming 890 nafar bolaning dam olishi belgilangan.
Yozgi mavsumda oromgohlarda faoliyat yuritadigan malakali kadrlarni tanlash masalasiga alohida e’tibor qaratilib, bu borada Maktabgacha va maktab ta’limi, oliy ta’lim muassasalari hamda sohaning tajribali mutaxassislari bilan hamkorlikda ishlar olib borildi. Oromgohlarga mavsumiy pedagoglarni qamrab olish maqsadida “oromgohlar.uz” elektron platformasi orqali shaffof va ochiq tarzda amalga oshirildi.
Quvonarlisi, oromgohlarda faoliyat yuritish istagini bildirgan nomzodlar har yilgidan ham ko‘p bo‘ldi. Har bir oromgoh kesimida katta tarbiyachilar, tarbiyachilar, yetakchilar, to‘garak rahbarlari va sport murabbiylari bo‘yicha yetarli darajada nomzodlar shakllanib, umumiy hisobda yuzlab tashabbuskor va fidoyi kadrlar jalb qilindi.

Mazkur jarayonlarning shaffofligini ta’minlash maqsadida Respublika komissiyasi shakllantirilib, eng munosib nomzodlarni saralab olish ishlari amalga oshirildi. Joriy yil 24-aprel kuni Bolalarning dam olishini va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamenti tashabbusi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi bolalar oromgohlari faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘quv-amaliy seminar tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-noyabrdagi “Bolalarning dam olishlarini tizimli tashkil etish va sog‘lomlashtirish ishlarini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori hamda departamentning 2026-yil 20-apreldagi buyrug‘i ijrosini ta’minlash maqsadida Ellikqal’a tumanidagi “Orol bolalari” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida seminar o‘tkazildi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi oromgohlar direktorlari, katta tarbiyachilar, tarbiyachilar va yetakchilardan iborat 80 nafarga yaqin pedagog xodim ishtirok etdi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga “Yangi O‘zbekiston oromgohlari” uchun ishlab chiqilgan 12 kunlik innovatsion namunaviy dastur mazmun-mohiyati tushuntirildi. Shuningdek, nazariy va amaliy mashg‘ulotlar doirasida zamonaviy pedagogik yondashuvlar, interfaol usullar, bolalar bilan samarali ishlash bo‘yicha ilg‘or tajribalar taqdim etildi.

Amaliy qismda oromgoh jamoalari tomonidan turli yo‘nalishlarda mahorat-sinflari tashkil qilinib, ishtirokchilar o‘rtasida tajriba almashish va o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, ijodiy chiqishlar orqali jamoalarning tashabbuskorligi va kreativ yondashuvlari namoyon etildi.
Shu bilan birga, oromgohlarni mavsumga tayyorlash bo‘yicha joriy ta’mirlash ishlari bo‘yicha respublika departamenti huzuridagi jamg‘armadan departament tasarrufidagi oromgohlar hisoblariga smeta bo‘yicha zarur mablag‘lar tushirilib, qurilish ishlari olib borilib, yakuniga yetkazildi. Barcha oromgohlarda joriy ta’mirlash ishlarini belgilangan muddatlarda to‘liq yakunlashi ta’minlanmoqda.
Xulosa qilib aytganda, Qoraqalpog‘iston Respublikasida bolalarning 2026-yil yozgi ta’tilini yuqori saviyada, xavfsiz va mazmunli tashkil etish maqsadida barcha yo‘nalishlarda kompleks va tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur chora-tadbirlar bolalarning sog‘lom dam olishi, ularning jismoniy va ma’naviy rivojlanishi, shuningdek, yosh avlodni barkamol shaxs sifatida tarbiyalashga xizmat qiladi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.