Taraqqiyotning muhim yo‘nalishi
Munosabat
Boku shahrida bo‘lib o‘tgan BMTning Butunjahon urbanizatsiya forumining 13-sessiyasi bugungi globallashuv sharoitida shaharlar kelajagi, barqaror rivojlanish va inson hayoti sifatini yaxshilashga qaratilgan eng muhim xalqaro maydonlardan biri sifatida katta ahamiyat kasb etdi.
Mazkur nufuzli forumda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ishtiroki mamlakatimizning xalqaro maydondagi obro‘si va global mas’uliyatini yana bir bor yaqqol namoyon etdi.

Bugungi kunda urbanizatsiya jarayonlari dunyo miqyosida jadal sur’atlar bilan davom etmoqda. BMT prognozlariga ko‘ra, yaqin o‘n yilliklarda dunyo aholisining aksariyati shahar hududlarida yashashi kutilmoqda. Shu bilan birga, infratuzilma, ekologiya, uy-joy ta’minoti va ijtimoiy tenglik masalalari tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, millionlab insonlarning munosib yashash sharoitlaridan mahrum ekani global hamjamiyat oldida jiddiy muammolar mavjudligini ko‘rsatadi. Shu nuqtai nazardan, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar barqaror urbanizatsiyani ta’minlash, shaharlarni ekologik jihatdan xavfsiz va yashash uchun qulay hududlarga aylantirish, hamda aholining turmush darajasini oshirishga qaratilgani bilan alohida e’tiborga loyiqdir.
Davlatimiz rahbari tomonidan urbanizatsiya jarayonlarini inson manfaatlari bilan uyg‘un holda olib borish, “yashil shaharlar” konsepsiyasini keng joriy etish, energiya samaradorligini oshirish va zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish masalalariga alohida urg‘u berildi.O‘zbekiston misolida so‘nggi yillarda bu yo‘nalishda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Uy-joy qurilishi hajmining keskin oshishi, yangi turar-joy massivlarining barpo etilishi, shahar infratuzilmasining modernizatsiya qilinishi hamda raqamli boshqaruv tizimlarining joriy etilishi buning yaqqol amaliy ifodasidir.
Forum doirasida ilgari surilgan eng muhim tashabbuslardan biri sifatida 2030-yilda BMTning Butunjahon urbanizatsiya forumining navbatdagi sessiyasini yangi Toshkent shahrida o‘tkazish va uning asosiy mavzusini “Shaharlarning barqaror rivojlanishida mahalla institutining o‘rni” deb nomlash taklifi alohida ahamiyat kasb etadi. Bu tashabbus O‘zbekistonning nafaqat urbanizatsiya, balki jamiyat boshqaruvida ham o‘ziga xos milliy yondashuvga ega ekanini ko‘rsatadi.
Xulosa qilib aytganda, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar barqaror urbanizatsiya, inson qadrini ulug‘lash va global hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi. Bu tashabbuslar Yangi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi faol va mas’uliyatli ishtirokini yana bir bor tasdiqlaydi hamda kelajak shaharlarini barpo etishda yangi yondashuvlarni shakllantirishga xizmat qiladi.
Nurlibay Qaypbergenov,
O‘zbekiston “Adolat” SDP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi.
O‘zA.