Maktab maslahatchisi lavozimiga nomzodlar saralanmoqda
FOTOREPORTAJ
Termiz shahridagi 14-umumta’lim maktabida maktab maslahatchisi lavozimiga talabgorlar uchun test sinovlari o‘tkazilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2025-yil 8-sentabrdagi “Maktabdan tashqari ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi” qarori bilan mamlakatimizdagi davlat maktablarida maktab maslahatchisi lavozimi joriy etildi. Ushbu qaror asosida tashkil etilgan Surxondaryo viloyati “Kelajak” markazi tomonidan maktab maslahatchisi lavozimiga nomzodlar belgilangan tartiblar asosida test sinovlaridan o‘tmoqda.
– Viloyatimizdagi 972 ta maktabga maslahatchi lavozimi uchun 1020 nafar nomzod ro‘yxatdan o‘tgan, - deydi Surxondaryo viloyati “Kelajak” markazi direktori Feruz Qodirov. – Ular test sinovi orqali o‘z bilimini sinovdan o‘tkazmoqda. Test sinovlarida nomzodlarning kasbiy bilimi, normativ-huquqiy hujjatlardan xabardorligi, shuningdek, yoshlar bilan ishlash ko‘nikmalari baholanadi.
[gallery-29563]
Ma’lumot o‘rnida aytish kerak, “Kelajak” markazlarining umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida vertikal tizimini joriy etish maqsadida o‘quvchilarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maktab maslahatchisi lavozimi joriy etildi. Ularning asosiy vazifalari umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida “Prezident iqtidorli farzandlari” milliy dasturi mazmunini yoritishdir.
Maslahatchilar o‘quvchilardagi kommunikativ va tashkilotchilik qobiliyatini mustahkamlash, ularda media va raqamli savodxonlikni shakllantirishga ko‘maklashadi.
Saralashning ikkinchi bosqichida, ya’ni test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar bilan suhbat o‘tkaziladi. Suhbatdan o‘tgan nomzodlar maktab maslahatchisi lavozimiga tayinlanadi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA