Afrikada yana bir keskinlik o‘chog‘i: Efiopiya va Eritreya munosabatni uzdi
Afrikada yana bir yirik urush o‘chog‘i paydo bo‘ldi. Kuni kecha Eritreya mamlakat shimolida jangovar harakat keskin avj olgan bir payt Efiopiya bilan har qanday diplomatik aloqa uzilganini e’lon qildi. Kuzatuvchilar ikki qo‘shni mamlakat urush ostonasida turganini ta’kidlamoqda.
Bir kun oldin Addis-Abeba Eritreya poytaxti Asmeradagi elchixonasini yopdi va 10 nafar diplomatini chaqirib oldi. Efiopiya hukumati qo‘shni davlatni dushmanona harakat va muxolifatni qo‘llab-quvvatlashda ayblagan. Eritreya ham shunga o‘xshash javob berishga majbur bo‘lganini bildirdi.
Efiopiya hukumat kuchlari va Tigray xalq ozodlik jabhasi (TPLF) boshchiligidagi qurolli muxolifat koalitsiyasi o‘rtasidagi jang bir haftadan beri davom etyapti. Hukumat tarafdorlari Tigray poytaxti Mekeledan taxminan 20 kilometr masofada joylashgan Milazat shahri egallanganini da’vo qilmoqda.
“Reuters” agentligi xabariga ko‘ra, Mekelening o‘zida bank va do‘konlar ehtimoliy to‘qnashuv xavfi tufayli yopilgan.
Guvohlar ta’kidlashicha, Addis-Abebada portlash sodir bo‘lgan. Muxolifat alyansiga aloqador manba “Reuters” manbasiga federal kuchlar bosh qarorgohi va boshqa nishonlarga hujum qilish uchun drondan foydalanilganini aytgan. Ushbu xabar tasdiqlansa, demak hukumatga qarshi kuchlar poytaxtga ilk bor uchuvchisiz uchoq bilan hujum qilgan.

Hozirgi keskinlashuv 2020-2022-yillardagi fuqarolar urushidan beri eng yirigi bo‘lib, o‘shanda Eritreya federal hukumat bilan birga TPLF tuzilmasiga qarshi kurashgan edi.
Qurolli to‘qnashuv oqibatida yuz minglab odam halok bo‘ldi, millionlab begunoh aholi uyini tark etib, xavfsiz joyga bosh olib ketishga majbur bo‘ldi. Hozirgi vaziyat mojaro Efiopiyadan tashqariga tarqalishi bilan bog‘liq xavotirni kuchaytirmoqda.
Shuningdek, Addis-Abeba Sudan va Misrni muxolifatni qo‘llab-quvvatlashda ayblagan. O‘z navbatida ushbu davlatlar bu ayblovni keskin inkor etdi.

Masalan, Misr TIV rahbari Abdul Attiy Addis-Abebaning da’vosiga raddiya berib, shunday degan:
– Efiopiyada sodir bo‘layotgan voqealarga Misrning aloqasi yo‘q, chunki boshqa davlatlar ichki ishiga aralashmaslik tashqi siyosatimizning asosiy tamoyilidir. Efiopiya rasmiylari bayonoti ichki inqiroz uchun mas’uliyatni boshqalar zimmasiga yuklashga urinishdir. Bu gaplar barqarorlikni ta’minlamaydi va Qohiraning fikricha, qabul qilib bo‘lmaydigan holat.
Tabiiyki, Afrika Ittifoqi Efiopiya, Eritreya va Misrni o‘ta vazminlik ko‘rsatishga chaqirmoqda.
S.Rahimov, O‘zA