Adolat, nafis she’riyat, serqirra ijod ramzi
14 fevral adib, olim, sarkarda, yirik davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 541 yilligi munosabati bilan Adiblar xiyobonidagi shoir haykali poyida “Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda Zahiriddin Muhammad Bobur merosining o‘rni va ahamiyati” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbir avvalida harbiy xizmatchilarning tantanali saf yurishi o‘tkazildi. Shundan so‘ng Bobur haykali poyiga ijodkorlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirokida gullar qo‘yildi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid ikki buyuk Uyg‘onish davriga asos solgan mutafakkir bobokalonlarimiz merosini o‘rganish bugun tobora dolzarb ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.
–Bugun dunyoda murakkab mafkuraviy jarayonlar kechayotgan bir paytda buyuk ajdodlarimiz asarlari, ularda tarannum etilgan g‘oyalarni o‘rganish muhimdir, – dedi Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid. – Bir lahza ham orom, tinchlik bilmagan Zahiriddin Muhammad Bobur nomiga neki ezgu ta’riflar bo‘lsa to‘g‘ri keladi. Alisher Navoiyning “Olam ahli, bilingizkim, ish emas dushmanlig‘...” degan satrlari aynan Boburning hayotiy intilishlarida ustuvor edi. Bugun mamlakatimizning har bir go‘shasida Bobur tavalludining 541 yilligi keng nishonlanayotgani ulug‘ ajdodlarimiz merosiga bo‘lgan e’tiborning namunasidir.
Tadbirda Jamoat xavfsizligi universiteti tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, polkovnik Ikromjon Mahmudov, mazkur universitet talabasi Faxriyor Baxtiyorov, tarixshunos olim Jumaboy Rahimov va boshqalar Bobur asarlarining ahamiyati xususida so‘zladi.
– Bobur asarlarida tarannum etilgan vatanparvarlik, bunyodkorlik, halollik, rostgo‘ylik g‘oyalarini yoshlarga yetkazish bugungi kunda g‘oyat dolzarbdir, – dedi Jamoat xavfsizligi universiteti professori Sayyora To‘rayeva.
Ma’rifiy tadbirda yosh ijodkorlar, kursantlar tomonidan Bobur g‘azallaridan namunalar o‘qildi. Harbiylarning shoh va shoirning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.
Anjuman doirasida kitoblar, tarixiy asarlar ko‘rgazmasi ham tashkil etildi. Talaba-yoshlarga Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiga oid kitoblar tuhfa etildi.
Nazokat Usmonova, Otabek Mirsagatov (surat), O‘zA