Adliya va NNTlar o‘rtasida ochiq muloqot tashkil etildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida vazirliklar, idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan har yili kamida bir marotaba sohaviy hamda hududiy fuqarolik jamiyati institutlari vakillari bilan ochiq muloqot o‘tkazib borilishi belgilangan.
Mazkur farmon ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasida (O‘zNNTMA) Adliya vazirligi Nodavlat notijorat tashkilotlari boshqarmasi mas’ullari hamda NNT faollari ishtirokida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning huquqiy savodxonligini oshirish hamda davlat organlari bilan ijtimoiy sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari diqqat markazida bo‘ldi.
Samimiy va qizg‘in ruhda o‘tgan uchrashuvda NNT vakillari tomonidan sohaga oid eng dolzarb va amaliy ahamiyatga ega huquqiy masalalar o‘rtaga tashlandi. Xususan, NNTlarni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlari hamda uchinchi sektor vakillarining xalqaro aloqalarini jadallashtirish maqsadida, xorijiy safarlarga chiqishda adliya organlarini xabardor qilish tartibini soddalashtirish bo‘yicha takliflar bildirildi. Qolaversa, NNT faoliyatida ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘luvchi ayrim huquqbuzarliklar va qoidalar borasida ham atroflicha tushuntirish berildi.
– NNT faoliyati uchun yaratilayotgan huquqiy yengilliklar va tartiblarning soddalashtirilishi kelgusida fuqarolik jamiyati institutlarining mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi faolligini oshirishga hamda kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishga xizmat qiladi, – dedi Adliya vazirligi Nodavlat notijorat tashkilotlari boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari A. Maxsudov.
Tadbir yakunida 2 ming 400 dan ortiq NNTni o‘zida birlashtirgan O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasiga yangi a’zo bo‘lgan tashkilotlarga a’zolik sertifikatlari hamda maxsus “Welcome box” to‘plamlari topshirildi.
A.RUSTAMOV,
O‘zA