Abu Ali ibn Sino ilmiy merosini o‘rganish bo‘yicha 2030-yilgacha mo‘ljallangan “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi
Uchinchi Renessans g‘oyasi asosida, Hukumat buyuk alloma Abu Ali ibn Sino merosini 2030-yilgacha chuqur o‘rganish va targ‘ib etish bo‘yicha "yo‘l xaritasi"ni tasdiqladi. Bu qadam O‘zbekiston madaniy hayotini yangi bosqichga ko‘taradi.
So‘nggi yillarda yurtimiz madaniy hayotida tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Uchinchi Rennesans g‘oyasi ham yetuk ajdodlar g‘oyasi asosiga qurilmoqda. Ana shunday odil islohotlarning mantiqiy davomi o‘laroq, Hukumat qarori bilan buyuk tabib va qomusiy olim Abu Ali ibn Sino ilmiy merosini chuqur o‘rganish va uni keng targ‘ib qilish bo‘yicha 2030-yilgacha mo‘ljallangan “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.
2026-yilning 19-oktabrida qabul qilingan qarorga ko‘ra, 2030-yilda nishonlanadigan alloma tavalludining 1050-yilligi tadbirlariga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.
Unda quyidagilar nazarda tutilgan:
2026-yil oktabr oyida Toshkent shahrida “Ibn Sino – G‘arb va Sharq falsafiy tafakkurining buyuk namoyandasi” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazish;
Oliy tibbiyot ta’lim tashkilotlari, ilmiy markazlar, kutubxonalar hamda davolash-profilaktika muassasalarida ilmiy-amaliy anjumanlar, ko‘rgazmalar, ochiq ma’ruzalar tashkil etish;
Xorijiy mamlakatlarga ilmiy ekspeditsiyalar tashkil etish, allomaning xorijda saqlanayotgan qo‘lyozmalarini jamlash;
“Mo‘’jaz al-Qonun”, “Qonuncha”, “Al-Ishorat va at-tanbihot”, “Donishnoma”, “Kitob ash-Shifo”, “Sharq falsafasi” asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilish, ularning bosma va elektron nashrlarini tayyorlash;
“Ibn Sino” xalqaro mukofotini ta’sis etish.
Shuningdek, Buxoro davlat tibbiyot instituti huzurida davlat muassasasi shaklida Abu Ali ibn Sino ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish to‘g‘risidagi taklif ma’qullandi.
Markazning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
Ibn Sino tibbiyoti bilan bog‘liq tadqiqotlar o‘tkazish, natijalarini zamonaviy tabobatda qo‘llash;
Qo‘lyozmalarni jamlash, o‘zbek tiliga tarjima qilish, ularning elektron platformasini yaratish;
Tibbiyot xodimlari va tibbiyot tarixiga qiziquvchilar uchun o‘quv kurslari va mahorat darslarini yo‘lga qo‘yish.
Markaz Buxoro davlat tibbiyot institutining byudjetdan tashqari mablag‘lari, xalqaro moliya institutlari grantlari, pulli xizmatlardan tushadigan mablag‘lar, homiylik xayriyalari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
Sherbek Islomov,
O‘zA