Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi
Andijon davlat pedagogika institutida “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida belgilangan 7 ta ustuvor yo‘nalish - milliy dasturning mazmun-mohiyati” mavzusida seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilik va soha mutaxassislariga yetkazish maqsadida tashkil etilgan seminar-treningda davlatimiz rahbarining nutqida ilgari surilgan tashabbuslar, mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida belgilangan ustuvor vazifalar hamda milliy dasturning asosiy maqsad va yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Tadbirda yetti ustuvor yo‘nalishning mazmun-mohiyati, ularning mamlakatimiz kelajagi va jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni, shuningdek, belgilangan vazifalarni hayotga tatbiq etish masalalari yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi. Milliy dastur doirasida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan islohotlarning ahamiyati va kutilayotgan natijalari haqida atroflicha so‘z yuritildi.


Shuningdek, islohotlarni samarali amalga oshirish, belgilangan maqsadlarga erishish mexanizmlari hamda har bir sohada ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash masalalari ko‘rib chiqildi. Ishtirokchilar tomonidan milliy dasturda belgilangan vazifalarni amaliyotga tatbiq etish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish va bu borada mas’uliyatni yanada oshirish yuzasidan fikr va mulohazalar bildirildi.


Seminar-trening yakunida yetti ustuvor yo‘nalishning mazmun-mohiyatini chuqur anglash, milliy dasturda belgilangan vazifalarni o‘z faoliyat sohalarida samarali amalga oshirish hamda islohotlar mazmunini keng jamoatchilikka yetkazish masalalarining ahamiyati alohida ta’kidlandi.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri