O‘zbekiston-Germaniya hukumatlararo muzokaralari muvaffaqiyatli yakunlandi
Germaniya va O‘zbekiston rivojlanish sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni izchil davom ettirishga kelishib oldi. Bu haqda Germaniya Federativ Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, rivojlanish sohasidagi hukumatlararo muzokaralar ikki davlat o‘rtasida 30 yildan ortiq vaqt davomida shakllangan hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berdi. Tomonlar barqaror iqtisodiy rivojlanish, ijtimoiy himoya, qonun ustuvorligi, iqlim va energetika sohalaridagi qo‘shma loyihalarni davom ettirishga kelishib oldi. Ushbu maqsadlar uchun Germaniya tomonidan 71 million yevro ajratilishi belgilandi.
Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vazirligi bo‘lim boshlig‘i, delegatsiya rahbari Kristian Amari O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan buyon iqtisodiy jihatdan jadal rivojlanayotganini ta’kidladi. Shuningdek, u ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik barqarorlik va o‘zaro ishonch tamoyillariga asoslanganini qayd etdi.
Germaniya kelgusida ham O‘zbekistonning «O‘zbekiston — 2030» strategiyasini amalga oshirishini va BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishini qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. Bu jarayonda ikki tomonlama loyihalar, mintaqaviy tashabbuslar hamda «Yevropa jamoasi» (Team Europe) doirasidagi hamkorlik muhim ahamiyat kasb etadi.
Germaniyaning KFW taraqqiyot banki, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) va Fizika-texnika federal instituti (PTB) tomonidan Germaniya Federal hukumati topshirig‘i asosida amalga oshirilayotgan loyihalar O‘zbekistonning qator ustuvor yo‘nalishlarini qamrab oladi.
Jumladan, savdo va xususiy sektorni rivojlantirish, kasb-hunar ta’limini Germaniyaning dual ta’lim modeli asosida modernizatsiya qilish, iqlimni muhofaza etish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish shular jumlasidandir.
Shuningdek, barqaror energiya ta’minotini ta’minlash uchun elektr uzatish tarmoqlarini kengaytirish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Germaniyaning rivojlanish sohasidagi hamkorligida muhim sherik bo‘lib qoladi. Erishilgan kelishuvlar ikki mamlakatda iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotni qo‘llab-quvvatlash, barqaror rivojlanishni ta’minlash hamda o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Kamola Yusupova, O‘zA