O‘zbekiston va Britaniya: 46 loyiha va yangi iqtisodiy imkoniyatlar
Toshkentda O‘zbekiston – Buyuk Britaniya qo‘shma iqtisodiy qo‘mitasining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda ikki mamlakat savdo-iqtisodiy aloqalari ko‘lamini kengaytirish, o‘zaro sarmoya jalb etish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Anjumanga O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov va Buyuk Britaniya savdo bo‘yicha davlat vaziri Anas Sarvar hamraislik qildi. 2026-yil yanvar-avgust oylarida ikki mamlakat o‘rtasida tovar ayirboshlash 12,6 foiz o‘sib, qariyb 250 million dollarga yetgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Muzokarada mahsulotlarimizni Qirollik bozoriga olib chiqish, sertifikatlash tartibini soddalashtirish, savdo jarayonidagi to‘siqlarni bartaraf etishga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, Britaniyaning rivojlanayotgan mamlakatlar uchun savdo preferensiyasi tizimi – DCTS imkoniyatidan foydalanish zarurligi ta’kidlandi.
[gallery-31850]
Tomonlar birgalikda 46 loyiha amalga oshirish, “UK Export Finance” ishtirokida moliyalashtirish mexanizmini kengaytirish, shuningdek muhim minerallar, elektr texnikasi, farmatsevtika va transport mashinasozligi bo‘yicha sheriklikni rivojlantirish yuzasidan fikr almashdi.
Uchrashuv yakunida savdo, investitsiya, sanoat, raqamli texnologiya, moliya va sog‘liqni saqlash sohalarida erishilgan kelishuvlarni mustahkamlashga qaratilgan bayonnoma imzolandi.
Musulmon Ziyo,
Nosirjon Haydarov (surat),
O‘zA