TMK “Zakovat” intellektual musobaqasida sohaning eng bilimdon jamoalarini birlashtirdi
Toshkent shahridagi “Zakovat arena” majmuasida Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi tizimidagi korxona va tashkilotlar xodimlari o‘rtasida “Zakovat” intellektual musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston texnologik metallar kombinati (TMK) mezbonlik qilgan mazkur bellashuvda 13 ta korxona va tashkilotdan 25 ta jamoa ishtirok etdi.Musobaqa tashkil etilishidan asosiy maqsad soha xodimlarining intellektual salohiyatini yuksaltirish, dunyoqarashini kengaytirish, mantiqiy va tahliliy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish bo‘ldi.

Tadbir avvalida ishtirokchilarga O‘zbekistonda kritik minerallar sanoatini rivojlantirish, xomashyoni chuqur qayta ishlash va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish borasida TMK tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar, shuningdek, ushbu jarayonlarda yosh mutaxassislarning o‘rni haqida videorolik va taqdimotlar namoyish etildi. Bugungi kunda TMK volfram, molibden, reniy, grafit kabi 30 dan ortiq turdagi kritik minerallarni o‘zlashtirish, chuqur qayta ishlash va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarga aylantirish bo‘yicha ishlamoqda. Kombinat tomonidan amalga oshirilayotgan “Kelajak metallari texnoparki”, “R&D Park”, “Smart Powder” va “TMK Chemicals” kabi yirik loyihalar mamlakatimizda innovatsion ishlab chiqarishni rivojlantirish va global qiymat zanjirlariga integratsiyalashuvni jadallashtirishga qaratilgan.
Mazkur vazifalarni amalga oshirishda zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega yangi avlod mutaxassislarini tayyorlash muhim o‘rin tutadi. Bugun TMK jamoasining qariyb 30 foizini yoshlar tashkil etadi. Ular geologiya-qidiruv, ilmiy tadqiqotlar, laboratoriya tahlillari, metallurgiya, raqamli texnologiyalar va ishlab chiqarishni boshqarish kabi yo‘nalishlarda faoliyat yuritmoqda.

Kombinatda yosh kadrlarning professional rivojlanishi va xalqaro tajribani egallashi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Xususan, TMKning 100 nafar xodimi Massachusets texnologiya instituti (Massachusetts Institute of Technology — MIT) dasturlari doirasida sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar va ilg‘or muhandislik yo‘nalishlari bo‘yicha tahsil olmoqda. Yosh mutaxassislar Janubiy Koreya, AQSH, Xitoy va boshqa mamlakatlarda malaka oshirib, zamonaviy sanoat texnologiyalari va ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirmoqda.
Shuningdek, TMK tashabbusi bilan tashkil etilgan Texnologik metallar oliy maktabida 28 nafar talaba bakalavriat va magistratura bosqichlarida tahsil olmoqda. Xalqaro dasturlar va dual ta’lim tizimi asosida tashkil etilgan o‘quv jarayonlari nazariy bilimlarni bevosita ishlab chiqarish amaliyoti bilan uyg‘unlashtirishga xizmat qilmoqda. TMKning yoshlarga oid siyosatida nafaqat kasbiy bilim va malaka, balki mustaqil fikrlash, intellektual salohiyat, tashabbuskorlik va liderlik ko‘nikmalarini rivojlantirishga ham ustuvor ahamiyat qaratiladi. Shu jihatdan “Zakovat” kabi intellektual musobaqalar yosh mutaxassislarning salohiyatini yuzaga chiqarish, bilim almashish va jamoaviy hamkorlikni mustahkamlash uchun muhim maydon hisoblanadi.
Qizg‘in va murosasiz bahslarga boy bo‘lgan intellektual bellashuv yakunida Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti jamoalari g‘oliblikni qo‘lga kiritib, “Zakovat” kubogi sohibiga aylandi. TMKning “Kelajak liderlari”, “Nodir zehnlar” va “Sanoat kelajagi” jamoalari ham munosib ishtirok etib, yuqori natijalarni qayd etdi. Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindor jamoalar tashkilotchilar tomonidan taqdirlanib, ularga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Shuningdek, O‘zbekiston texnologik metallar kombinati (TMK) musobaqani yuqori saviyada tashkil etgani uchun “Zakovat” intellektual klubi tomonidan maxsus tashakkurnoma bilan taqdirlandi. Zamonaviy sanoat taraqqiyotining asosiy harakatlantiruvchi kuchi bilim, innovatsiya va intellektual kapitaldir. Bu kabi tashabbuslar O‘zbekistonning tog‘-kon va metallurgiya sanoatida yangi avlod mutaxassislarini shakllantirish hamda mamlakatning texnologik taraqqiyoti uchun mustahkam kadrlar salohiyatini yaratishga xizmat qiladi.
O‘zA