Deputatlar muloqoti: tajriba almashish va hamkorlik istiqbollari
Toshkent viloyatida Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi hamda Koreya Respublikasining Kyonsan-namdo provinsiyasi Kengashi delegatsiyasi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Toshkent viloyati Kasaba uyushmalari federatsiyasi binosida o‘tkazilgan muloqotda Koreya Respublikasidan 21 nafar, Toshkent viloyatidan 9 nafar deputat ishtirok etdi. Asosiy maqsad hududlararo hamkorlikni rivojlantirish, mahalliy vakillik organlari o‘rtasida tajriba almashish va istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlarini belgilashdan iborat bo‘ldi.

Muloqotda Toshkent viloyati tomonidan Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi kotibiyati mudiri O.Anarov hamda Xalq deputatlari Qibray tumani Kengashi raisi B.Mahamadaliyev tomonidan mahalliy vakillik organlari faoliyatini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Xususan, O‘zbekistonda mahalliy Kengashlarning roli va vakolatlarini oshirish, deputatlik nazoratini kuchaytirish, aholi manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan islohotlar xususida so‘z yuritildi. Shuningdek, mahalliy boshqaruvda gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga e’tibor qaratildi.

Koreya Respublikasi delegatsiyasi vakillari ham o‘z mamlakatlaridagi mahalliy Kengashlar faoliyati, ularning vakolatlari va hududlarni boshqarishdagi ishtiroki yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirdi. Jumladan, Koreya–Markaziy Osiyo Do‘stlik deputatlar guruhi raisi, Ta’lim qo‘mitasi a’zosi Pak In, mazkur guruh a’zosi, Ishlarni muvofiqlashtirish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari va Rejalashtirish va davlat boshqaruvi qo‘mitasi a’zosi I Gvan Men, shuningdek, guruh a’zosi, Ta’lim qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Kim Bon Nam mahalliy vakillik organlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish muhimligini ta’kidladi.

Muloqot davomida Toshkent viloyati va Kyonsan-namdo provinsiyasi o‘rtasidagi aloqalarni mahalliy darajada rivojlantirish, deputatlar va Kengashlar kotibiyatlari xodimlari o‘rtasida tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, mahalliy boshqaruv jarayonlariga raqamli texnologiyalarni joriy etish, aholi murojaatlari bilan ishlash va deputatlik nazorati mexanizmlarini takomillashtirish yuzasidan fikr almashildi.
Iqtisodiy, investitsiyaviy va texnologik hamkorlikni kengaytirish, ta’lim muassasalari, yoshlar va mutaxassislar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, qishloq xo‘jaligida zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, madaniyat va turizm sohalarida qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi.

Uchrashuvdagi muhim masalalardan biri Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi va Kyonsan-namdo provinsiyasi Kengashi o‘rtasida Do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi Niyat bayonini imzolash tashabbusi bo‘ldi. Qayd etilganidek, mazkur hujjat ikki hududning mahalliy vakillik organlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, o‘zaro hamkorlikni tizimli yo‘lga qo‘yish va kelgusidagi qo‘shma tashabbuslar uchun tashkiliy asos yaratishga xizmat qiladi.
Uchrashuv yakunida mahalliy vakillik organlari faoliyati bo‘yicha tajriba almashishni davom ettirish, o‘zaro aloqalarni mustahkamlash hamda muhokama qilingan yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlarini o‘rganish muhimligi ta’kidlandi.
A.Musayev,O‘zA