O‘zbekiston Ombudsmani Varshavada o‘zbekistonlik yoshlar bilan uchrashdi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova Varshava shahriga tashrifi doirasida O‘zbekistonning Polshadagi elchixonasida o‘zbekistonlik yoshlar bilan uchrashdi.
Ochiq muloqot shaklida o‘tgan uchrashuvda yoshlarning fikr-mulohazalari tinglanib, ularni qiziqtirgan masalalar yuzasidan fikr almashildi.
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar haqida ham so‘z yuritildi. Yoshlarning sifatli ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirishi uchun yaratilayotgan sharoitlarga e’tibor qaratildi.
Ombudsman institutining inson huquq va erkinliklarini ta’minlashdagi o‘rni, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish mexanizmlari hamda xorijdagi vatandoshlar bilan muloqotni mustahkamlash masalalariga to‘xtalib o‘tildi.
Tashrif davomida «Inson o‘lchovi bo‘yicha Varshava konferensiyasi» doirasida «Tenglikni ta’minlash mexanizmlari va inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarni mustahkamlash: inklyuziv jamiyatni shakllantirishda YeXHTning joylardagi missiyalari tajribasi» mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Unda Feruza Eshmatova ma’ruza bilan ishtirok etdi.

Ombudsman o‘z nutqida O‘zbekistonda inson huquqlari sohasidagi qonunchilikka kiritilgan o‘zgartishlar hamda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash borasidagi davlatning pozitsiyasiga alohida to‘xtalib o‘tdi. Ombudsman instituti faoliyatining takomillashtirilgani, shuningdek, qiynoqlarning oldini olishga qaratilgan Milliy preventiv mexanizm joriy etilgani batafsil ochib berildi.
Davra suhbati ishtirokchilari kamsitishning oldini olish, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining ehtiyojmand guruhlari huquqlarini himoya qilish, shuningdek, milliy institutlarning mustaqilligi va faoliyati samaradorligini mustahkamlash yuzasidan fikr almashdi.
N.Abduraimova,
O‘zA