Yosh atletlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati bahslari davom etmoqda
Buxoro shahridagi «Sitora» sport majmuasida 14 va 16 yoshgacha bo‘lgan atletlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati musobaqalari davom etmoqda.
Chempionatning U-16 yosh toifasida 300 metr masofaga to‘siqlar osha yugurish bahsida Qashqadaryo viloyati vakili Nurbek Hakimjonov 42,09 soniya natija bilan marraga birinchi bo‘lib yetib keldi va oltin medalni qo‘lga kiritdi.
14 yoshgacha bo‘lgan atletlar o‘rtasidagi shvedcha estafeta bahsi chempionatning uchinchi kunidagi qiziqarli musobaqalardan biri bo‘ldi. Unda Farg‘ona viloyati jamoasi 2:21,66 natija bilan g‘olibga aylandi. Buxoro viloyati vakillari 2:22,72 natija bilan ikkinchi, Namangan viloyati jamoasi esa 2:23,21 ko‘rsatkich bilan uchinchi o‘rinni egalladi.
Qizlar o‘rtasidagi uchkurash bahsida Namangan viloyati vakili Zarina Abdilvohidova 1475 ochko jamg‘arib, mamlakat chempioni bo‘ldi. Toshkent shahri vakili Milana Umanets 1472 ochko bilan kumush medalga sazovor bo‘ldi. Buxoro viloyatidan Oynur Hamroyeva esa 1205 ochko bilan kuchli uchlikni yakunladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA