Turkiyalik olimlar termiziylarni izlab keldi
Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi buyuk termiziy allomalar ilmiy merosini chuqur o‘rganib, dunyoga keng targ‘ib qiladigan ilm-ma’rifat maskaniga aylandi.
Markazga sayyoramizning turli davlatlaridan islomshunos olimlar, ilmiy tadqiqotchilar va sayyohlar kelib, bu yerda termiziy allomalar asarlarini tadqiq uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirmoqda. Ulug‘ ajdodlarimiz ilmiy merosini tadqiq etish yuzasidan olib borilayotgan ezgu ishlar bilan yaqindan tanishmoqda.

Markaz mamlakatimizga safar qilgan Turkiyaning Anqara ijtimoiy fanlar universiteti islomshunoslik fakulteti professori, doktor Selchuk Joshqun va dotsent, doktor Hasan So‘zenmanda ham boy taassurot uyg‘otdi.

Markaz direktori Muzaffarxon Joniyev mehmonlarni ilmiy-tadqiqot maskanida termiziy allomalar hayoti va ijodini chuqur o‘rganib, ilmiy merosini o‘quvchilariga yetkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirdi. Markaz olimlari aniqlagan 226 nafar termiziy allomalar haqidagi qiziqarli ma’lumotlar turkiyalik islomshunoslarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Mehmonlar uchun Imom Termiziy va termiziy allomalar merosiga bag‘ishlangan 80 dan ortiq kitob va risola taqdimoti o‘tkazildi.

Uchrashuvda buyuk Termiziy allomalarning ilmiy merosini xalqaro miqyosda keng tadqiq etishga, xorijlik olimlar bilan ilmiy hamkorlikni yanada kengaytirib, qo‘shma tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri