Mavsumga tayyorgarlik — uzluksiz ta’minot garovi
Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik, energetika barqarorligi va aholi osoyishtaligi doimiy e’tibor va yuksak mas’uliyat talab etadigan vazifalardan hisoblanadi.
Kuzning salqin kunlari o‘rnini qishning sovuq havosi egallashi bilan elektr va issiqlik energiyasiga bo‘lgan ehtiyoj yanada ortadi. Bu esa energetika sohasi vakillaridan nafaqat puxta tayyorgarlik, balki har bir jarayonga yuksak mas’uliyat bilan yondashishni talab etadi. Zero, energiya ta’minotining barqarorligi — xonadonlardagi osoyishtalik, korxonalar faoliyati, ta’lim va tibbiyot muassasalarining uzluksiz ishlashi bilan chambarchas bog‘liq.
Shu bois mamlakatimizda “Isitish mavsumini xavfsiz boshlaylik” oyligi doirasida profilaktik va amaliy tadbirlar izchil olib borilmoqda. “Toshkent IES” AJda ham kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish, iste’molchilarni uzluksiz va sifatli elektr hamda issiqlik energiyasi bilan ta’minlash borasida zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Qibray tumanida joylashgan “Toshkent IES” AJ respublika energetika tizimining muhim bo‘g‘ini hisoblanadi. Korxonaning o‘rnatilgan quvvati 2230 megavattni tashkil etadi. Stansiyada bir yilda 6 milliard kilovatt-soatga yaqin elektr energiyasi va 55 ming Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqariladi. Albatta, bu raqamlar ortida 1300 nafarga yaqin ishchi-xodimning mashaqqatli mehnati, kasbiy mahorati va fidoyiligi mujassam. Ular kunu tun demay, Toshkent shahri va viloyati iste’molchilarini quvvat bilan ta’minlashdek mas’uliyatli vazifani bajarib kelmoqda.

Shuning uchun biz kuz-qish mavsumiga tayyorgarlikni faqat texnik uskunalarni sozlash yoki ishlab chiqarish jarayonlarini takomillashtirish bilan cheklamaymiz. Bu, eng avvalo, insonlar hayoti, xonadonlar osoyishtaligi va yurtimiz iqtisodiyoti barqarorligi uchun mas’uliyatni his etish demakdir.
Isitish mavsumini muvaffaqiyatli o‘tkazish, avvalo, ehtimoliy muammolarni oldindan aniqlash va ularning oldini olishga bog‘liq. Shu nuqtai nazardan, korxonada energetik uskunalarning texnik holati, elektr va issiqlik ta’minoti ob’ektlarining ishonchliligi, yong‘in xavfsizligi hamda favqulodda vaziyatlarning oldini olish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Har bir uskunaning ishonchli ishlashi, har bir tizimning belgilangan talablarga muvofiq faoliyat yuritishi va har bir kamchilikning o‘z vaqtida bartaraf etilishi muhim. Chunki energetika sohasidagi kichik e’tiborsizlik ham katta muammolarga sabab bo‘lishi mumkin. Shu bois profilaktika, texnik nazorat va mehnat intizomi kundalik faoliyatimizning ajralmas qismi hisoblanadi.
Biroq xavfsizlik faqat energetika korxonasining o‘zi bilan cheklanmaydi. U har bir ish joyi, har bir xonadon va har bir insonning mas’uliyatidan boshlanadi. Elektr va gaz jihozlaridan to‘g‘ri foydalanish, nosoz uskunalarni ishlatmaslik, elektr tarmoqlariga ortiqcha yuklama bermaslik, isitish vositalarini nazoratsiz qoldirmaslik qish mavsumini xavfsiz o‘tkazishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan oddiy, ammo, hayotiy qoidalardir. Shuning uchun aholi o‘rtasida xavfsizlik madaniyatini oshirish, profilaktik tushuntirish ishlarini kuchaytirish va har bir insonda shaxsiy mas’uliyat hissini shakllantirish ham dolzarb vazifalardan biri.
Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi deputati sifatida aholi murojaatlarini o‘rganish, odamlarni qiynayotgan masalalarga yechim topishga ko‘maklashishni o‘z faoliyatimning muhim yo‘nalishlaridan biri deb bilaman. Korxona rahbari sifatida esa ishlab chiqarish barqarorligi, jamoa farovonligi va iste’molchilar manfaatlarini ta’minlash uchun mas’ulman. Bu ikki yo‘nalishning mushtarak jihati bitta — inson manfaati. Zero, har qanday vazifa va tashabbusning haqiqiy samarasi, avvalo, odamlar hayotidagi ijobiy o‘zgarishlar, ularning turmush sharoiti va ertangi kunga bo‘lgan ishonchda namoyon bo‘ladi.
Shu bois kuz-qish mavsumida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, mehnat faxriylari va ishchi-xodimlar holidan xabar olish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ko‘p yillar davomida korxona ravnaqiga munosib hissa qo‘shgan mehnat faxriylari biz uchun doimo e’zozli insonlardir. Ularning mehnatini qadrlash, holidan xabar olish, mavsum davrida zarur yordam ko‘rsatish — nafaqat ijtimoiy vazifa, balki insoniylik va minnatdorlik ifodasidir.
Ayni e’tibor korxonada mehnat qilayotgan ishchi-xodimlar va ularning oilalariga ham qaratiladi. Ularning ijtimoiy sharoitini o‘rganish, mavjud muammolarini aniqlash va imkoniyat doirasida amaliy ko‘mak berish jamoada o‘zaro hurmat va hamjihatlikni mustahkamlaydi. Chunki xodimlarning xotirjamligi va oilasining osoyishtaligi uning mehnatga bo‘lgan munosabatiga ham ta’sir ko‘rsatadi. Inson o‘zini qadrlangan va qo‘llab-quvvatlangan deb his etsa, zimmasidagi vazifalarni yanada mas’uliyat bilan bajarishga intiladi.
Biz, energetika xodimlari, iste’molchilar oldidagi mas’uliyatimizni chuqur anglaymiz. Har bir uskunaning ishonchliligi, har bir xodimning xavfsizligi va har bir iste’molchining manfaati faoliyatimizda ustuvor ahamiyat kasb etadi. Kuz-qish mavsumini xavfsiz o‘tkazish esa bir oylik tadbirlar bilan cheklanmaydi. Bu butun mavsum davomida hushyorlik, hamjihatlik va mas’uliyatni talab qiladigan uzluksiz jarayondir.
Rustam Shamsiyev,
“Toshkent IES” AJ bosh direktori,
Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi deputati,
O‘zA