O‘zbekiston va Qozog‘iston: tibbiyot sohasidagi hamkorlikning yangi istiqbollari belgilab olindi
Turkmanistonning Avaza shahrida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Adilov va Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vaziri Akmaral Alnazarova o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Unda ikki mamlakat yetakchilarining sa’y-harakatlari tufayli tibbiyot va farmatsevtika sohalaridagi aloqalar yangi mazmun bilan boyib borayotgani alohida ta’kidlandi.
Muloqot chog‘ida tibbiy ta’lim, shifokorlar malakasini oshirish, farmatsevtika tarmog‘i, birlamchi bo‘g‘inni rivojlantirish hamda ona va bola salomatligini muhofaza qilish borasidagi amaliy ishlar yuqori baholandi. Shu bilan birga, tomonlar ikki tomonlama sheriklikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan qator muhim tashabbuslarni ko‘rib chiqdi.
Jumladan, har ikki davlatning yetakchi tibbiyot muassasalarida 100 nafar shifokor uchun onkologiya, neyroxirurgiya, transplantologiya, kardiojarrohlik va pediatriya kabi yo‘nalishlar bo‘yicha qisqa muddatli stajirovkalar uyushtirish taklif etildi. Shuningdek, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami va patronaj xizmatini takomillashtirish, chegaraoldi hududlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, ayrim turdagi dori vositalariga bo‘lgan ehtiyojni prognozlash hamda ularning ishlab chiqarishni mahalliylashtirish imkoniyatlarini o‘rganish masalalari muhokama qilindi.
«Hamkorligimiz o‘tkazilgan uchrashuvlar yoki imzolangan memorandumlar soni bilan emas, balki amaliy natijalar bilan o‘lchanishi kerak», – dedi Sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Adilov o‘z so‘zida.
O‘z navbatida, Qozog‘iston sog‘liqni saqlash vaziri Akmaral Alnazarova chegaraoldi hududlardagi tibbiyot muassasalari o‘rtasida bevosita hamkorlikni yanada kuchaytirish hamda o‘zaro tajriba almashish an’anasini davom ettirish muhimligiga to‘xtalib o‘tdi. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha belgilangan barcha yo‘nalishlar yuzasidan aniq chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish va hayotga tatbiq etishga kelishib olindi, deyiladi SSV matbuot xizmati xabarida.
Mohigul Qosimova, O‘zA