"Ma’rifat ulashib": ijodkorlar talabalar bilan uchrashdi (+video)
"Ma’rifat ulashib” loyihasi poytaxt ta’lim maskanlarida adabiyot va ijodkorlik ruhini jonlantirdi. Taniqli ijodkorlar bilan muloqot yoshlar qalbida o‘chmas iz qoldirdi.
"Ma’rifat ulashib” loyihasining bu galgi dasturi o‘ziga xos tarzda boshlandi. Kunning birinchi yarmida ijodkorlar Yangiyo‘l tumanidagi 2-, 3- va 6-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘quvchilar bilan uchrashdilar. Ushbu muloqotlarda kitobxonlikni targ‘ib qilish, adabiyotga mehr uyg‘otish, ma’rifat va yoshlarning ijodiy salohiyatini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Maktablardagi uchrashuvlarda taniqli ijodkorlar Shahodat Isoxonova, Hulkar Hamroyeva va Nuriddin Rasulov ishtirok etib, o‘z hayot va faoliyat yo‘llari, mumtoz adabiyotga kirib kelishlari hamda boy ijodiy tajribalari haqida so‘zlab berdilar. O‘quvchilar bilan samimiy suhbatlar, savol-javoblar va fikr almashinuvlar qiziqarli tarzda o‘tdi.
Kunning ikkinchi yarmida loyiha doirasidagi adabiy-ma’rifiy uchrashuv Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida davom etdi. Tadbirda dastlab talaba-yoshlar o‘rtasida zakovat intellektual o‘yini tashkil etildi. So‘ngra talabalar ijodkorlar bilan adabiyot, she’riyat va ma’naviyatga oid dolzarb mavzularda erkin muloqot qildilar. Yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga ustozlardan atroflicha javob oldilar.
“Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasidagi bu kabi uchrashuvlar yosh avlodni kitobxonlikka keng jalb etish, ularning adabiyotga qiziqishini oshirish, ijodkorlar bilan bevosita muloqotini yo‘lga qo‘yish hamda ma’naviy-ma’rifiy dunyoqarashini boyitishga xizmat qilmoqda.
Sanjar Toshpo‘latov,
Oybek Davronov,
Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA