Taekvondo WT: 4 nafar sportchimiz Parijda sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik qiladi
Bugun, 9-oktabr kuni Fransiya poyitaxti Parij shahrida dunyoning eng kuchli taekvondochilari ishtirokida “Paris 2026 World Taekwondo Grand Prix” xalqaro turniri boshlanadi.
54 ta davlatning 250 nafardan ziyod taekvondo WT olimpiya yo‘nalishidagi atletlar qatorida O‘zbekiston terma jamoasining 4 nafar erkak va 3 nafar ayol sportchilari sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik qiladi.

“Grand Prix 2026” tizimidagi musobaqalarning uchinchi bosqichi sanalgan mazkur turnirning bugungi bahslarida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolaridan -58 kilogramm vazn toifasining ilk bahsida Jahongir Xudoyberdiyev AQSHlik Itan Gun Yongsuk bilan, +80 kilogrammda Marat Mavlonov Pashko Bozich (Xorvatiya) bilan, +80 kilogrammda Yodgorbek Jo‘raboyev Vasileos Toliotis (Gretsiya) bilan, +67 kg. og‘irlikda Svetlana Saidova AQSH va Ispaniya vakillari qarama-qarshiligining g‘olibi bilan jang o‘tkazadi.

Taekvondochilar uchun Los-Anjeles-2028 Olimpiadasining muhim reyting ochkolarini taqdim etadigan musobaqalar 11-oktabrga qadar davom etadi.
Eslatib o‘tamiz, “Grand Prix 2026” tizimidagi dastlabki turnirlar Ispaniya va Janubiy Koreyada tashkil etilgandi. Uning yakuniy final bosqich musobaqalari joriy yilning 27–29-noyabr kunlari Qozog‘istonning Ostona shahrida tashkil etiladi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA