Buyuk kelajak uchun ovoz berdik
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi 7-Samarqand saylov okrugi hududidagi 1030 saylov uchastkasida ham qizg‘in davom etmoqda. Saylovchilar yurtimizda tinchlik-barqarorlik bardavom bo‘lishi, mamlakatimizning yanada taraqqiy etishi va xalqimiz farovonligi yuksalishi uchun o‘zlari tanlagan munosib nomzodga ovoz bermoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi 7-Samarqand saylov okrugi hududidagi 1030 saylov uchastkasida ham qizg‘in davom etmoqda. Saylovchilar yurtimizda tinchlik-barqarorlik bardavom bo‘lishi, mamlakatimizning yanada taraqqiy etishi va xalqimiz farovonligi yuksalishi uchun o‘zlari tanlagan munosib nomzodga ovoz bermoqda.Oqdaryo tumanidagi 20-umumta’lim maktabida joylashgan 546-saylov uchastkasida bugun erta tongdan Loyish va O‘zbekiston mahallalarida istiqomat qiluvchi saylovchilar kelib, ovoz berishda ishtirok etmoqda.
–Hududimizda 2 ming 644 nafar saylovchi ro‘yxatga olingan, – deydi uchastka saylov komissiyasi raisi Qurbon Suvonov. – Komissiya a’zolari va mahalla faollari yordamida har bir saylovchiga taklifnoma yetkazib berdik. Shuning uchun bugun soat 6.00 dan uchastkamiz saylovchilar bilan gavjum. Avval nuroniy otaxon va onaxonlar, ziyolilar, ilk bor saylovda ishtirok etayotgan yoshlar kelib, o‘z xohish-irodasini bildirdi. Besh nafar saylovchi muddatidan oldin ovoz bergan edi. Besh nafar nogiron uyida ovoz berishni tashkil etishni so‘ragan. Komissiya a’zolari ularning uylariga ko‘chma saylov qutisi va saylov byulleteni olib boradi.
Loyish mahallasida yashovchi O‘zbekiston xalq o‘qituvchisi, tumandagi 45-ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Dilorom Mamasharipova ham saylov uchastkasiga birinchilardan bo‘lib kelib ovoz berdi.
– Oilamizdan olti kishi – turmush o‘rtog‘im, ikki nafar o‘g‘lim va kelinlarim bilan uchastkaga kelib, o‘z konstitutsiyaviy huquqimizdan foydalanib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini saylashda qatnashdik, – deydi D.Mamasharipova. – Bu saylov xalqimizning 25-yil ichida huquqiy madaniyati qanchalik yuksalgani, boy davlatchilik an’analarimiz izchil davom etayotgani va eng muhimi, o‘z tanlagan mustaqil taraqqiyot yo‘lidan hech qachon qaytmasligini yana bir bor namoyon etdi. Mahalladoshlarimiz ertalabdan oila a’zolari bilan saylov uchastkasiga kelib ovoz bermoqda. Hammaning yuzida tabassum, kayfiyati ko‘tarinki. Bu – bugunimizdan shukrona, ertangi kunimizdan ko‘nglimiz to‘qligi va mamlakatimizning porloq istiqboliga mustahkam ishonchimiz ifodasi.