Salomatlikning muhim omili
Termizda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi tomonidan “Sport – salomatlik garovi” shiori ostida o‘tkazilayotgan spartakidaning Surxondaryo viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Termizda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi tomonidan “Sport – salomatlik garovi” shiori ostida o‘tkazilayotgan spartakidaning Surxondaryo viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.Musobaqada tadbirning tuman va shahar bosqichlarida g‘olib bo‘lgan 200 ga yaqin havaskor sportchi ishtirok etib, stol tennisi, voleybol, shaxmat-shashka va badminton bo‘yicha o‘zaro bellashdi.
– Tadbirni tashkil etishdan maqsad korxona, tashkilot va muassasalar ishchi-xodimlarining mehnat samaradorligini oshirishga ko‘maklashish va shu orqali sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishdir, – deydi viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi raisi o‘rinbosari Q.Bobolov. – Buning natijasida xodimlar turli kasb kasalliklaridan muhofaza qilinib, aholi, ayniqsa, yoshlarda jismoniy tarbiya va sportga qiziqish oshib borayotgani kuzatilmoqda.
Musobaqalarda sportning voleybol turi bo‘yicha birinchi o‘rin Muzrabot tumani jamoasiga nasib etdi. Stol tennisi bo‘yicha S.Rahmonova, Sh.Umarxonov, shaxmat bo‘yicha X.Ashurova, B.Pardayev, shashka bo‘yicha M.Saidova, K.Qurbonov, badmintonda B.Mirzayev va M.Abdurahmonova g‘olib deb topildi.
G‘oliblar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanib, spartakiadaning mamlakat bosqichida qatnashish uchun yo‘llanma oldi.