2028-yilgacha barcha oliygohlarda dual ta’lim tizimi to‘liq yo‘lga qo‘yiladi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida «Yangi O‘zbekiston» universitetida ustoz va murabbiylar bilan uchrashuv o‘tkazmoqda.
Prezidentimiz oliygohlarda dual ta’limni yangicha yondashuv asosida yo‘lga qo‘yish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Kelasi yildan «korxona – oliygoh – maqsadli kadr» tizimi 75 ta oliy ta’lim muassasasida, 2028-yildan barcha oliygohlarda amal qiladi.
Ish beruvchi o‘ziga kerak nomzodni o‘qitish bo‘yicha oliygohga buyurtma beradi. Nzomzod testsiz, suhbat asosida qabul qilinadi. Ishga olingan talabaga to‘langan maoshning yarmini davlat qoplaydi.
Korxona tomonidan biriktirilgan ustozga oliygoh pedagoglar oyligiga teng miqdorda qo‘shimcha haq to‘laydi. Korxona oliygoh yoki talaba yashaydigan joydan uzoq bo‘lsa, ijara xarajati qoplanadi. O‘qish va ishda yaxshi natija ko‘rsatgan talabalar ikkinchi kursdan davlat grantiga o‘tadi.
Rektorlar dual ta’lim bo‘limlarini ochadi, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektorlar asosiy vaqtini shu yo‘nalishga ajratadi. Tizimni namunali tashkil qilgan uchta eng yaxshi oliy ta’lim muassasasi va hamkor korxonaning har biri 1 milliarddan 3 milliard so‘mgacha mukofot oladi. Oliygohga berilgan mukofotning yarmi bu ishga hissa qo‘shgan pedagoglarni rag‘batlantirishga sarflanadi.
O‘zA