2021 yilning eng muhim sport natijalari
Bir yil muqaddamgi pandemiya cheklovlaridan keyin epidemiologik vaziyatda o‘tgan 2021 yilgi sport mavsumi O‘zbekiston uchun har qachongidan ham muvaffaqiyatli o‘tdi.
Mamlakatimizning shijoatli sportchilari bir yil kechiktirib o‘tkazilgan olimpiya va paralimpiya o‘yinlarida, ilk bor tashkil etilgan 1-MDH o‘yinlarida, bir qator chempionat va nufuzli musobaqalarda g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi. Vatanimiz sharafini ulug‘ladi. O‘z nomlarini jahon sport sahifasiga muhrlashdi.

Xo‘sh, yakunlanayotgan yilning eng yaxshilari kimlar? Kimlarni 2021 yilning kuchlilari, deyishimiz mumkin? Bunday sharafga loyiqlar nomini aniqlash, e’tirof etish va unga rasmiy maqom berishni bevosita jismoniy tarbiya va sport sohasi mutasaddilariga qoldirgan holda yilning 10 ta eng muhim yutug‘ini sanab o‘tishni lozim topdik.
1. So‘zsiz, Tokio olimpiadasi va paralimpiya o‘yinlarida oltin medallarga musharraf bo‘lgan yil qahramonlarining har biri – u Bahodir Jalolov bo‘ladimi, Akbar Jo‘rayevmi yoki Ulug‘bek Rashitovmi, Bobur Omonovmi barchasi 2021 yilning eng kuchli sportchisi nomiga munosib. Lekin ular orasida oltin medal bilan birga olimpiya rekordini o‘rnatgan, kuni kecha Toshkentdagi 86-jahon chempionatida g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilgan Akbar Jo‘rayev va taekvondochilar orasida eng yosh bo‘la turib, shov-shuvli tarzda Tokio-2020da birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan Ulug‘bek Rashitov mamlakatimiz sportining eng sharafli 10 ta yutug‘idan biri, deyish mumkin. Ammo, shu o‘rinda matonatli paralimpiyachilarimizning g‘alabasini ham unutmaslik lozim.

2. Biz o‘tgan 3-4 yil mobaynida bokschilarimizning g‘alabalariga odatlanib qolganimizdanmi, 2021 yilgi olimpiya va jahon chempionatidagi “nafas rostlash”ni mag‘lubiyat tarzida qabul qilmoqdamiz. Ammo, harbiy bokschilarimizning g‘alabasi, o‘smir va yoshlarimizning xalqaro yutuqlari go‘yoki Tokio va Serbiya “soyasi”da qolib ketayotgandek. Biroq, joriy yil 13-23 aprel kunlari Polshaning Kelse shahrida yoshlar o‘rtasida o‘tgan jahon chempionatida O‘zbekiston tarixida birinchi marta Nigina O‘ktamova ayollar boksida tarixiy oltin medalni qo‘lga kiritganligini esdan chiqarib qo‘yayotgandekmiz. Aynan Nigina o‘tayotgan yil yakuniga ko‘ra, Jalolov, Xalakov, Saidrahimov uchligining olimpiya o‘yinlari va jahon chempionatidagi muvaffaqiyatiga o‘z oltini bilan qo‘shgan hissasi O‘zbek boks bayrog‘i hamisha sarbalandligini ko‘rsatib turibdi. Shu jihatdan Nigina O‘ktamovaning ayollar o‘rtasida boks bo‘yicha jahon chempioni bo‘lganligi mamlakatimiz sportining 10 ta kuchli g‘alabasidan biri, deya e’tirof etmoqqa arziydi.

3. Rosti, mamlakatimiz mustaqilligining ilk yillaridan xalqaro musobaqalarda sobitlik bilan ishtirok etib, Vatanimiz sha’nini ulug‘lab kelayotgan sport turlari beshta bo‘lsa, o‘shaning bittasi og‘ir atletikachilar. 2021 yil ham “tosh polvonlarimiz” uchun omadli keldi. Tokio olimpiadasida Akbar Jo‘rayevning jahon og‘ir atletika tarixiga O‘zbek muxrini bosishi va Toshkentdagi jahon chempionatida oltin medalga musharraf bo‘lishi, Ruslan Nuriddinovning uzoq tanaffusdan keyin katta sportga qaytishi asnosida o‘z salohiyatini namoyish etayotganligi alohida mavzu.
Lekin uning izdoshlari bo‘lgan yosh sportchilarimiz ham yil davomida g‘alabalarga maxliyo bo‘lib, bir chetda qarsak chalib turishmadi. O‘z chempionliklari bilan hissa qo‘shishdi. Ayniqsa, poytaxtimizda o‘tgan jahon chempionatida Sarvarbek Zafarjonov, Tursunoy Jabborova, Doston Yoqubovlarning g‘olibligi, Saudiya Arabistonida 17 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempionatida vakillarimizning 4 tadan oltin va kumush, 3 ta bronzaga ega chiqishi, unda Qurbonmurod Nomozovning 3 ta oltin medalga sazovor bo‘lishi O‘zbekiston og‘ir atletikasining kelajagi porloq ekanligidan dalolatdir. Va bu, mamlakatimiz sportining 2021 yildagi kuchli o‘nta yutug‘idan biri, deyishga to‘la asoslidir.

4. Mamlakatimizda barcha sport turlarining rivojida ommaviy yugurish musobaqalarining alohida o‘rni bor. Shu ma’noda, O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi tashabbusi va qator tashkilotlar qo‘llab-quvvatlashi asosida 2019-2021 yilgi “Save Aral” nomi ostida o‘tgan marafonlarning ahamiyati beqiyos bo‘lganligini e’tirof etmoq lozim.

O‘tgan davr mobaynida 34 ta turli darajadagi marofonlar uyushtirilganligi, ular 14 hududning 29 ta shahar va tumanlar doirasida o‘tgani katta voqealik bo‘ldi. Bu yil 20 noyabrda Toshkentda o‘tgan xalqaro marafon yakuniga ko‘ra, umumiy hisobda 100 ming nafar atrofidagi insonlar salomatlik musobaqalari bilan qamrab olindiki, ayni holat yurtimizda 2021 yilning eng muhim va o‘ziga xos sport tadbirlari o‘ntaligidan joy olishga haqlidir.
5. Sport turlari orasida yaponlarning milliy o‘yini darajasidan xalqaro sport maqomiga ko‘tarilgan dzyudoning yurtimiz yoshlari orasida o‘ziga xos o‘rni bor. Mamlakatimiz dzyudochilarining xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini oshirishda Tokio olimpiadasi sovrindori Davlat Bobonovning yutug‘ini ta’kidlagan holda joriy yil oktyabr-noyabr oylarida Fransiyada harbiylar o‘rtasida o‘tgan 40-jahon chempionatida terma jamoamiz a’zolarining 4 oltin va 1 ta bronza medali bilan umumjamoada birinchi o‘rinni egallashi O‘zbekiston dzyudosining tarixiy natijasi sifatida o‘tayotgan yilning eng muhim voqealaridan biri bo‘ldi.
6. O‘zbekiston professional boksida 2021 yil alohida ajralib turadi. Boisi, o‘tayotgan yil hisobida yurtimizda boksning ushbu yo‘nalishida 15 taga yaqin turli darajadagi musobaqalar o‘tkazildi. O‘nlab professional bokschilarimiz AQSH, Rossiya, Janubiy Koreya, Qozog‘iston, Vetnam kabi bir qator mamlakatlardagi reyting janglarida qatnashdi, g‘olib chiqdi, mamlakatimiz sport salohiyatini ko‘rsatdi. Ammo hammasidan ham muhimi, yengilmas bokschimiz Murodjon Ahmadaliyev professional boksning ikki yo‘nalishidagi jahon chempionligi kamarini ikki marta ham munosib himoya qilib, WBA/IBF yo‘nalishlaridan tashqari WBC hamda WBO yo‘nalishlarida ham chempion bo‘ldi. Hozirgacha professional boksda hamyurtlarimizdan hech kim bunday sharafga ega bo‘lmagandi.

7. O‘tayotgan yil O‘zbekiston karatesi tarixida tub burilish yili bo‘ldi. Ma’lum sabablar oqibatida Tokio olimpiadasi yo‘llanmalaridan bebahra qolgan karatechilarimiz Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida o‘tgan jahon chempionatida 104 ta davlat orasida O‘zbekistonning ham o‘z so‘zi borligini ko‘rsatdi. 75 kilogramm vaznda farg‘onalik Dostonbek Otabolayevning olimpiya o‘yinlari va jahon chempionati sovrindorlarini, chempionlarni dog‘da qoldirib, oltin medalga musharraf bo‘lishi mamlakatimiz sport salnomasining 2021 yilgi zarvarag‘iga bezak bo‘lib tushdi. Dostonbek dunyo karatesida O‘zbekiston nomini doston qila bildi.
8. Odatda o‘yin sport turlari bo‘yicha yurtimiz sportchilarining xalqaro maydondagi zafarli odimi xususida gap ketsa, “biz yakkakurash sport turlarida kuchlimiz, bu yo‘nalishlar bizga emas” qabilida bahonani bolalatamiz. Sabablarini qidirmaymiz. O‘tayotgan yil avvalida O‘zbekiston voleybol federatsiyasida amalga oshirilgan o‘zgarishlar, yosh va harakatchan kadrlarning federatsiyaga ishga kelishi esa vaziyatni bir muncha yaxshilanishiga, mudrab yotgan voleybol maydonlariga shovqin-suron kirib kelishiga olib keldi. Yil davomida 30 ga yaqin turli yosh toifasidagi O‘zbekiston chempionatlari o‘tkazildi. 6 taga yaqin xalqaro musobaqalarda qatnashildi. Hattoki, xorijdagi kichikroq musobaqada bo‘lsa-da bronza medali qo‘lga kiritildi. Agar, bu holatni 2019-2020 yillar bilan taqqoslanilsa, musobaqalar o‘tkazish va xalqaro turnirlarda qatnashish 99 foizga oshdi.
Sababi, bir necha yillar muqaddam voleybol bo‘yicha O‘zbekiston chempionatlarining 60-70 foizi o‘tkazilmas edi. O‘tadigan chempionatlarda ham narisi bilan 5-6 ta jamoa qatnashardi. Ayrim yosh toifasidagi chempionat va birinchiliklar yillar davomida tashkil etilmasdan kelindi. Xalqaro musobaqalarda qatnashishni gapirmasa ham bo‘ladi. Xullas, 2021 yilni O‘zbekiston voleybolida “uyg‘onish davri” boshlangan davr sifatida qabul qilsak haqiqatga mos keladi.
9. 2021 yilning yana bir e’tiborli voqeasi, hamyurtimiz, mamlakatimizning tajribali alpinisti Sergey Denisenko dunyodagi eng baland Everest cho‘qqisiga O‘zbekiston bayrog‘ini qadaganligi dunyo jamoatchiligi e’tiboriga tushdi.
10. Joriy yil may oyidan mamlakatimizda yurtdoshlarimiz orasida yurish va yugurishni keng targ‘ib qilishga qaratilgan “Sog‘lom turmush tarzi” platformasining joriy etilishi, “Avtomabilsiz kun” aksiyasining o‘tkazilishi ham o‘tayotgan yilning o‘ziga xos voqeliklaridan biri bo‘ldi.
O‘zbekiston sport hayotida 2021 yilning muhim yutuq va voqealarini sanashni davom etsak, ular ancha-muncha ko‘p ekan. Ammo, dunyoda har qanday sport turining rivoji, ommalashuvi qo‘llov bilan. Qo‘llab-quvvatlash, davlatimizning alohida e’tibori borki, mamlakatimiz jismoniy tarbiya va sport sohasida 2021 yilda misli ko‘rilmagan natijalarga erishildi.
Joriy yil davomida davlatimiz rahbarining shaxmat, velosport, qilichbozlik, boks, paralimpiya va ot sport turlari, ommaviy sportni rivojlantirish, Parij-2024 o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish, Sport ta’lim tizimini takomillashtirish borasida 20 ga yaqin qaror va farmonlari qabul qilindi. Ayni xujjatlar asosidagi harakatlar mahsuli sifatida Vatanimizning shijoatli va matonatli sportchilari 2021 yilning 9 oyi davomida xalqaro musobaqalarda 450 tadan ziyod oltin, kumush, bronza medallariga sazovor bo‘ldi.
Demak, mamlakatimiz sportining kuchli o‘nta yutug‘idan biri va eng muhim zamini jismoniy tayyorgarlikning to‘g‘ri yo‘naltira olgan, unga qo‘sh qanot bag‘ishlagan dasturlar, ishlab chiqilgan “Yo‘l xarita”lari va ularning tizimida amalga oshirilgan professional sport mutaxassislarining faoliyati, betinim izlanishi, desak maqsadga muvofiq bo‘ladi.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA