2021 yil Pro-ligasida 10 ta jamoa ishtirok etadi
O‘zbekiston Professional futbol ligasi joriy yilgi chempionatning Pro-ligasida o‘nta jamoa ishtirok etishini ma’lum qildi.
Xabaringiz bor, Pro-liganing 2020 yilgi mavsumida 8 klub g‘oliblik uchun kurash olib borgan, yakunda «Turon» Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, «Buxoro» futbol klubi Superligada eng kam ochko jamg‘argan klub sifatida 2021 yilni Pro-ligada o‘tkazadigan bo‘lgan.
Reglamentga ko‘ra, 2020 yilgi mavsum Pro-ligada so‘nggi o‘rinni egallagan klub Birinchi ligaga tushirilishi, Pro-liganing yettinchi jamoasi esa Birinchi liganing ikkinchi jamoasiga qarshi o‘tish o‘yinida ishtirok etishi belgilangandi. Shunga ko‘ra, Pro-ligani so‘nggi — 8-o‘rinda yakunlagan «Zomin» musobaqani tark etdi. Birinchi liga g‘olibi «Yangiyer» esa Pro-liganing navbatdagi ishtirokchisiga aylandi.
Pro-liganing yettinchi jamoasi «Xorazm» hamda Birinchi liganing ikkinchi jamoasi «Paxtakor-farm» o‘rtasida o‘tilishi lozim bo‘lgan bellashuv bekor qilindi. Boisi, O‘FA Ijroqo‘mining 2020 yil 28 noyabrdagi yig‘ilishida Qoraqalpog‘istonda futbolni rivojlantirish dasturi asosida «Aral» futbol klubining Pro-liga musobaqasida istisno tariqasida ishtirok etishiga ruxsat berildi hamda Pro-liga ishtirokchilari 2021 yilgi mavsumdan boshlab 10 ta qilib tasdiqlandi. Shundan kelib chiqib, «Xorazm» futbol klubi Pro-ligadagi o‘rnini o‘tish o‘yinisiz saqlab qoldi, «Paxtakor-farm» esa o‘z-o‘zidan liganing 10-jamoasiga aylandi.
Shu yilning 3 fevral kuni «Paxtakor-farm» klubi Pro-liga musobaqasida ishtirok etmasligini ma’lum qildi. O‘FA Ijroqo‘mi Byurosi esa 5 fevral kuni Milliy olimpiya qo‘mitasi qoshida tashkil etilayotgan «Olimpik» futbol klubini Pro-liganing 10-jamoasi sifatida tasdiqladi. «Olimpik» futbol klubi litsenziyalash reglamenti hamda Musobaqalar o‘tkazish reglamentidagi barcha talablarni bajarish sharti bilan turnirga qo‘shiladigan bo‘ldi.
Demak, 2021 yilda Pro-ligada ishtirok etadigan jamoalar: «Buxoro» (Buxoro), «Neftchi» (Farg‘ona), «Sho‘rtan» (G‘uzor), «Dinamo» (Samarqand), «Istiqlol» (Farg‘ona), «Oqtepa» (Toshkent), «Xorazm» (Urganch), «Yangiyer» (Yangiyer), «Aral» (Nukus), «Olimpik» (Toshkent).