1-iyuldan raqamli markirovka bo‘yicha yangi talablar kuchga kiradi
Soliq qo‘mitasining ma’lum qilishicha, 2026-yil 1-iyuldan boshlab mamlakatimizda majburiy raqamli markirovka joriy etilgan tovarlarni elektron hisobvaraq-fakturalar va onlayn nazorat-kassa texnikasi orqali realizatsiya qilishda qo‘shimcha talablar amal qila boshlaydi.
Yangi tartib tovarlar aylanmasining shaffofligini ta’minlash, noqonuniy savdo va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish, shuningdek raqamli markirovka ma’lumotlarining ishonchliligini oshirishga qaratilgan.
Unga ko‘ra, elektron hisobvaraq-fakturalar rasmiylashtirilganda bir qator ma’lumotlar avtomatik tarzda tekshiriladi. Xususan, tovar yetkazib beruvchida tegishli litsenziya, ruxsatnoma yoki xabardor qilish hujjatining mavjudligi, sub’ektning «Asl belgisi» milliy axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tgani, raqamli markirovka kodlarining to‘g‘ri aks ettirilgani hamda tovarni xarid qiluvchi chakana savdo sub’ektining markirovka kodlarini o‘quvchi maxsus qurilmalar bilan ta’minlangani nazorat qilinadi.
Shu bilan birga, tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida raqamli markirovka kodlarini o‘qish uchun zarur bo‘lgan 2D-skanerlarni xarid qilishda qator soliq imtiyozlari taqdim etilishi belgilangan.
Onlayn nazorat-kassa texnikasi cheklarida esa raqamli markirovka kodi «Asl belgisi» milliy axborot tizimida mavjudligi va mahsulotning MXIK kodi mazkur markirovka kodiga muvofiqligi avtomatik tarzda tekshiriladi.
Qayd etilishicha, mazkur yangiliklar tovarlar harakatini to‘liq raqamlashtirish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, qalbaki mahsulotlar aylanmasini qisqartirish hamda tadbirkorlar uchun hisobga olish va nazorat jarayonlarini yanada soddalashtirishga xizmat qiladi.
Raqamli markirovka tizimi bilan ishlash jarayonida yuzaga kelgan savollar bo‘yicha soliq to‘lovchilar shaxsiy kabinetdagi «Raqamli markirovka bilan ishlash» xizmati orqali Raqamli markirovka qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish bo‘yicha hududlararo soliq inspeksiyasiga murojaat qilishlari mumkin.
Kelib tushgan murojaatlar qisqa muddatlarda ko‘rib chiqilib, tadbirkorlar va soliq to‘lovchilarga tegishli tushuntirish hamda amaliy yordam ko‘rsatiladi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA