Baxmal biznesiga yangi nafas
Baxmal tumanida tadbirkorlar uchun ayni muddao bo‘lgan yangiliklar muhokama qilindi. Endi savdo, umumiy ovqatlanish va xizmat ko‘rsatish sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar uchun soliq yuki sezilarli darajada yengillashadi. Bu esa nafaqat biznesni kengaytirish, balki yangi ish o‘rinlari yaratish va iqtisodiy faollikni oshirishga xizmat qiladi.
Jizzax viloyatining Baxmal tumanida tadbirkorlar, ishbilarmonlar hamda soha mutaxassislari ishtirokida ochiq muloqot va amaliy seminar tashkil etildi. Uchrashuvda mamlakatimizda kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlik sub’ektlari uchun yanada qulay iqtisodiy muhit yaratishga qaratilgan islohotlarning mazmun-mohiyati atroflicha tushuntirildi.

Tadbirda Jizzax viloyati soliq boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Kamol Ergashev, Baxmal tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Akmal Meliboyev, tuman soliq inspeksiyasi boshlig‘i Jo‘rabek Oqbo‘tayev hamda yuzlab tadbirkorlik sub’ektlari vakillari ishtirok etishdi.

Muloqot markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 29-mayda qabul qilingan “Kichik biznes sub’ektlarining o‘sishi uchun yanada qulay iqtisodiy va ma’muriy shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risida”gi Farmonining mazmun-mohiyati turdi. Mazkur hujjat kichik biznes uchun soliq tizimini soddalashtirish, ma’muriy to‘siqlarni qisqartirish va tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirishga qaratilgan muhim qadam sifatida e’tirof etilmoqda.
Farmonga muvofiq, 2026-yil 1-iyundan 2030-yil 1-yanvarga qadar asosiy faoliyati savdo, umumiy ovqatlanish va xizmat ko‘rsatish sohalariga ixtisoslashgan tadbirkorlik sub’ektlariga qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblash va to‘lashning soddalashtirilgan tartibini ixtiyoriy tanlash huquqi berildi. Unga ko‘ra, QQS stavkasi 6 foiz etib belgilangan bo‘lsa, foyda solig‘i stavkasi 0 foizni tashkil etadi. Bu esa tadbirkorlar zimmasidagi moliyaviy yukni sezilarli darajada yengillashtirib, ularga o‘z faoliyatini kengaytirish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.

Yangi tartibning yana bir muhim jihati — ortiqcha hisobotbozlik va qog‘ozbozlikka barham berilayotganidir. Ayrim soliq hisobotlarini taqdim etish majburiyatining bekor qilinishi tadbirkorlarga vaqt va resurslarni tejash imkonini beradi. Natijada ular o‘z diqqat-e’tiborini hujjat to‘ldirishga emas, balki biznesni rivojlantirishga qaratadi.
Seminar davomida “Soliqchi — ko‘makchi” tamoyilining amaliy mazmuni ham atroflicha ochib berildi. Mutaxassislar tomonidan soliq yukining yengillashishi, faoliyatni rasmiy yuritishning afzalliklari va yangi imkoniyatlar hayotiy misollar orqali tushuntirildi. Ta’kidlanganidek, bugungi kunda soliq organlarining asosiy vazifasi tadbirkorni jazolash emas, balki uning ishonchli maslahatchisi va hamkori bo‘lishdan iborat.

Uchrashuvning eng muhim jihatlaridan biri — amaliy muloqot muhiti qaror topganida bo‘ldi. Tadbirkorlar tomonidan bildirilgan muammo va takliflar diqqat bilan tinglandi, bir qator murojaatlar esa shu joyning o‘zida ijobiy hal etildi. Bu esa davlat idoralari va biznes vakillari o‘rtasidagi muloqotning yangi bosqichga ko‘tarilayotganidan dalolat beradi.
Shubhasiz, mamlakatimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bunday islohotlar hududlar iqtisodiyotini yanada jonlantirishga xizmat qiladi. Ayniqsa, Baxmal kabi imkoniyatlari keng hududlarda yangi soliq imtiyozlari va ma’muriy yengilliklar kichik biznesning o‘sishiga kuchli turtki berishi kutilmoqda. Yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalangan tadbirkor esa o‘z biznesini yangi bosqichga olib chiqishi, yangi ish o‘rinlari yaratishi va mahalliy iqtisodiyot rivojiga munosib hissa qo‘shishi shubhasiz.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri