Zanjirsaroy: vayron bo‘lgan saroy yoki tarixning so‘zlovchi guvohi?
Cho‘l bag‘rida jimgina yotgan bir tepalik… Bir qarashda oddiy tuproq qavati. Ammo uning ostida butun bir davr, butun bir davlatning nafasi, hukmdorlar izi va tarixning og‘ir zarbalari yashiringan. Bu Qashqadaryo viloyati Muborak tumani Ko‘hna shahar hududida joylashgan Zanjirsaroy.
Bugun u sukutda. Ammo bu sukut javobsizlik emas, balki hali to‘liq aytilmagan tarixdir.
– Hozir biz turgan joyimiz, sohibqiron Amir Temur faoliyati bilan bog‘liq. Bu O‘rta Osiyodagi nihoyatda noyob arxeologik yodgorliklardan biri, – deydi Samarqand arxeologiya instituti katta ilmiy xodimi, tarixchi olim, professor Abdusabur Raimqulov.
Zanjirsaroy – shunchaki saroy emas. U XIV asr siyosiy kurashlari, hokimiyat uchun olib borilgan keskin o‘yinlar va ulkan imperiyalar taqdiri tutashgan nuqtadir.

Chig‘atoy ulusining so‘nggi nafasi
Tarix sahnasida Zanjirsaroy nomi XIV asrning ilk yarmida paydo bo‘ladi. Uni Chig‘atoy ulusining so‘nggi hukmdorlaridan biri Qozonxon sulton 1334-1335-yillarda bunyod etgan.
– Bu saroy dastlab Chig‘atoy ulusining poytaxti sifatida qurilgan va oxirgi xonlarning asosiy qarorgohlaridan biri bo‘lgan, – deydi olim.
Bu yer shunchaki qarorgoh emas, balki siyosiy markaz, hukm va qarorlar qabul qilingan maskan edi. Ungacha Kepakxon davrida qurilgan Qarshi qal’asi ham poytaxt vazifasini bajargan. Ammo vaqt o‘tishi bilan siyosiy markaz yana shu vohaga Zanjirsaroyga ko‘chirildi.
Qadimiy shaharsozlik an’analariga xos ravishda kvadrat shaklda qurilgan bu saroy, o‘z tarixi jihatidan Qarshi qal’asiga juda o‘xshash edi. Bu esa o‘sha davrdagi me’moriy maktabning uzluksizligini ko‘rsatadi.

Temur izlari tushgan saroy
1370-yil tarixda burilish nuqtasi. Hokimiyatga kelgan Amir Temur bu saroyni o‘z qo‘l ostiga oladi.
– Manbalarda yozilishicha, sohibqiron bu yerga ko‘p marta kelib turgan. Xuddi shu yerda qo‘shin to‘plangan, yurishlar oldidan tayyorgarlik ko‘rilgan, – deydi Abdusabur Raimqulov.
Zanjirsaroy atrofidagi beadad kengliklar ov qilish uchun qulay bo‘lgan. Ammo bu yer faqat dam olish manzili emas edi. Bu yerda yurishlar taqdiri hal qilingan. Hindiston yoki Fors sari yo‘l olgan qo‘shinlar aynan shu yerda jamlangan.
Demak, bu saroy faqat arxitektura yodgorligi emas, balki harbiy-siyosiy markaz ham bo‘lgan.

Qonli isyon va hukmdorning halokati
Zanjirsaroy devorlari faqat zafarlarni emas, fojialarni ham ko‘rgan. 1347-yilda aynan shu yerda Qozonxon sulton mahalliy turkiy aslzodalar isyoni paytida halok bo‘ladi.
– Amir Qozog‘on boshchiligidagi isyon natijasida Qozonxon shu saroyda o‘ldirilgan, – deydi olim.
Bu voqea nafaqat bir hukmdorning, balki butun bir siyosiy tizimning tanazzulini boshlab berdi.
Vayron bo‘lgan saroy, uzilgan hayot
1387-yil. Temur Shom yurishlarida. Shu payt To‘xtamishxon Buxoroga yurish qiladi. Ammo o‘sha paytda Movarounnahrni muhofaza qilib turgan temuriy shahzoda Mironshoh mirzodan mag‘lub bo‘lib chekinayotganda, u yo‘lidagi barcha shahar va qishloqlarni vayron qiladi.
Zanjirsaroy ham shu qirg‘indan chetda qolmaydi.
– Qaytishda u barcha qal’a va qishloqlarni yoqib ketgan. Shu bilan bu yerda hayot to‘xtagan va saroy qayta tiklanmagan, – deydi tarixchi.
Shu tariqa, bir zamonlar gavjum bo‘lgan qarorgoh bir lahzada xarobaga aylanadi. Va o‘shandan beri u qayta tirilmagan.

Intiqomning og‘ir qasosi
Tarixda ba’zi voqealar borki, ular ortida faqat siyosat emas, balki shaxsiy his-tuyg‘ular ham yotadi. Zanjirsaroyning vayron qilinishi ham ana shunday voqealardan biri bo‘lishi mumkin.
– Sharofiddin Ali Yazdiy bu holatni keyinchalik “Zafarnoma” asarida Temur tomonidan Oltin O‘rdaning vayron qilinishiga bog‘laydi, – deydi olim.
1395-yilda Temur Oltin O‘rdani tor-mor qiladi, uning poytaxti Saroy Berka vayron etiladi. Bu faqat geosiyosiy qaror emas, balki ehtimol, shaxsiy intiqom ham edi. Chunki Qozonxon sultonning qizi – Saroymulkxonim (Bibixonim) Temurning suyukli rafiqasi bo‘lgan.
– Bu to‘qima emas. Buning ortida haqiqiy tarixiy omillar bor, – deydi Abdusabur Raimqulov.
Yer ostidagi shahar
Bugun Zanjirsaroy 16 gektar maydonni egallagan ulkan arxeologik yodgorlik. Har tomoni 400 metrli kvadrat shaklda qurilgan. To‘rt tomonida to‘rt darvoza. Markazda saroy.
– Saroy pishiq g‘ishtdan qurilgan, taxminan 44×44 metrli tuzilishga ega bo‘lgan. O‘rtasida gumbaz, atrofida xonalar joylashgan, – deydi olim.
Bu inshootning ahamiyati shundaki, u fuqarolik arxitekturasi namunasi hisoblanadi. Ya’ni u harbiy emas, balki hokimiyat markazi sifatida xizmat qilgan. Shu sababli ham dushmanlar tomonidan aynan shu kabi binolar nishonga olingan.
Bibixonimning bolalik manzili
Zanjirsaroy nafaqat siyosat, balki shaxsiy taqdirlar bilan ham bog‘liq.
– Saroymulkxonim 1341-yilda tug‘ilgan. Demak, uning bolaligi aynan shu saroyda o‘tgan, – deydi olim.
Bu kelajakda Temur imperiyasida muhim o‘rin tutadigan ayolning ilk qadamlari aynan shu yerda tashlanganini anglatadi.
Tiklanish arafasidagi tarix
O‘tmishda vayron bo‘lgan bu saroy bugun yana hayotga qaytish arafasida.
– Bu yerda qazishmalarni davom ettirib, katta qismini ochiq osmon ostida muzeyga aylantirish niyatimiz bor. Bu haqda sohibqiron Amir Temurning 690 yilligi munosabati bilan arxeologik tadqiqotlar va qazishma ishlarini olib borish bo‘yicha kelishuvga erishdik, – deydi Abdusabur Raimqulov.
Rejalarga ko‘ra, mudofaa devorlarining bir qismi ham tiklanadi. Va Zanjirsaroy kelajakda turistik manzilga aylanishi mumkin.
Bugun Zanjirsaroy faqat o‘tmish emas. U savol. Nega bir saroy vayron qilindi? Nega bir davlat yo‘q qilindi? Tarixda qarorlar faqat aql bilan qabul qilinganmi yoki yurak ham so‘z aytganmi?
Balkim, bu savollarga javobni hali ham shu tuproq ostidagi devorlar bilib yotibdi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri