“Aqchako‘l ilhomlari”: tanlov yakunlandi, g‘oliblar taqdirlandi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumanida ikki kun davom etgan “Aqchako‘l ilhomlari” respublika ijodiy tanlovi yuqori saviyada tashkil etildi.
Tanlov doirasida respublika ijodiy tanlovi mehmonlari – bir guruh yozuvchi va shoirlar hamda jamoatchilik vakillari Ellikqal’a tumani ixtisoslashtirilgan san’at maktabi hududida barpo etilgan “Abdulla Oripov bog‘i”da ezgu niyatlar bilan mevali daraxt ko‘chatlarini ekdilar.
Mehmonlar Otajon Xudoyshukurov nomidagi muzeyda ham ko‘plab, u yerdagi tarixiy va esdalik fotosuratlarni ko‘zdan kechirdi. Shuni ta’kidlash joiz, milliy madaniyatimizni yuksak cho‘qqilarga olib chiqqan mashhur xonandaning o‘lmas ijodi hali uzoq davrlargacha xalqimiz qalbida yashab, san’atimizning bebaho durdonalari sifatida qadrlanaveradi.
Mehmonlar Ellikqal’a tumanidagi san’at saroyida O‘zbekiston she’riyatining eng yorqin namoyandalaridan biri, O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov byustining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi. Shuningdek, Nukus davlat pedagogika instituti Ellikqal’a fakultetiga tashrif buyurib, O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf nomli muzeyda ham bo‘lib, eksponatlar bilan ham tanishdi.
[gallery-28664]
Shu kunlari “Qirqqizobod” qishlog‘ida tadbirkor Adilbek Ro‘zimbetov tomonidan 35 o‘ringa mo‘ljallangan zamonaviy talablar asosida barpo etilgan yangi xususiy klinika ish boshladi. Ochilish marosimida tanlov tashkiliy guruhi a’zolari, mehmonlar, jamoatchilik hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi. Ikki qavatli mazkur muassasaning birinchi qavatida zamonaviy laboratoriya faoliyat ko‘rsatsa, ikkinchi qavatida statsionar davolanish uchun barcha qulayliklar yaratilgan.
Shuningdek, “Ixlos” mahallasida yangi 75-sonli umumta’lim maktabining tantanali ochilish marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Unda tanlov tashkiliy guruhi a’zolari, faxriy mehmonlar, keng jamoatchilik vakillari, nuroniylar, yoshlar va soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Umumiy qiymati 9 milliard 900 million so‘mni tashkil etuvchi ushbu ta’lim maskani 220 o‘ringa mo‘ljallangan. Zamonaviy talablarga to‘liq javob beradigan mazkur maktabda o‘quvchilar uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Mehmonlar shuningdek, tumandagi Bo‘ston shaharchasida joylashgan Ustozga ehtirom haykali poyiga ham gulchambarlar qo‘ydi.
“Aqchako‘l ilhomlari” respublika ijodiy tanlovida she’riyat, nasr va tasviriy san’at yo‘nalishlari bo‘yicha Toshkent shahri, barcha viloyatlar hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasidan iqtidorli yoshlar qatnashdi va g‘oliblar aniqlandi.
G‘oliblarni taqdirlash tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir, O‘zbekiston xalq yozuvchisi, Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi raisi Kengesboy Karimov va boshqalar so‘zga chiqib, yoshlarni muborakbod etdi. Shuningdek, O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripovning umr yo‘ldoshi Hanifa Mustafoyeva shoirning va o‘z ijodidan namunalar o‘qidi.
“Aqchako‘l ilhomlari” respublika tanlovida farg‘onalik Davlatjon Karimov “Eng yaxshi she’riy asar” yo‘nalishida “Aqchako‘l” she’ri uchun, navoiylik adib Umid Xudoyqulov “Eng yaxshi nasriy asar” yo‘nalishida Aqchako‘l badiiy qatrasi uchun, buxorolik Yunus Farmonov “Eng yaxshi tasviriy san’at asari” yo‘nalishida Aqchako‘lga bag‘ishlangan turkum rasmlari uchun diplom bilan taqdirlandi.
Respublikaning barcha hududlaridan kelgan 44 nafar ishtirokchining har biriga diplom, statuetka, esdalik sovg‘alari va kitoblar jamlanmasi topshirildi. Shu bilan birga, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid bir guruh ijodkorlarga uyushmaning a’zolik guvohnomalarini ham taqdim etdi.
Tadbir davomida Ellikqal’a tuman hokimi V.Niyazimbetov so‘zga chiqib, tashkilotchilarga minnatdorlik bildirdi va tuman hokimligi tomonidan tayyorlangan “Tashakkurnoma”larni topshirdi.
Tadbirlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi o‘rinbosari R.Nurazizov ishtirok etdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.