Yoshlarning huquqiy bilimlarini oshirishga qaratilgan uchrashuv
Qashqadaryo viloyat sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tashabbusi bilan Qarshi davlat universitetida “Sudya va yoshlar” mavzusida uchrashuv tashkil etildi.
Tadbirda viloyat sudi raisi o‘rinbosari Kamol Nazarov va boshqalar ishtirok etib, so‘nggi yillarda mamlakatimizda yoshlar va xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Shuningdek, davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilinayotgan farmon va qarorlar bu boradagi ishlar samaradorligini yangi bosqichga olib chiqayotgani qayd etildi.


Viloyat sudi sudyalari S.Akanov va O.Suyunov joriy yil mart oyida qabul qilingan “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to‘g‘risida”gi Prezident farmonining mazmun-mohiyati, maqsad va vazifalari haqida atroflicha ma’lumot berdi. Erta nikohning oldini olish, xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlariga qarshi kurashish, shuningdek, oilaviy munosabatlarda huquqiy madaniyatni yuksaltirish masalalariga alohida to‘xtaldi. Qonunchilikda nazarda tutilgan nikoh shartnomasini ixtiyoriy tuzish amaliyotining ahamiyati ham ta’kidlandi.


Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldi. Tadbir yakunida “Farzand omonat” va “Ota” mavzusidagi hujjatli filmlar namoyish etildi.
Bunday muloqotlar yoshlarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, ularda qonunlarga hurmat ruhini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri