Bojxonachi – tadbirkor tayanchi
Xorazm viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i Shavkat To‘rayev “UZXCMG” mas’uliyati cheklangan jamiyatida bo‘lib, ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.
Mazkur korxonada Xitoy texnologiyalari asosida turli hajmdagi g‘ildirakli va zanjirli ekskovatorlar, yo‘l siqish va tebranish roliklari, old yuklagichlar hamda greyderlar ishlab chiqarilmoqda.
2026-yilning o‘tgan davri mobaynida korxonaning tashqi savdo aylanmasi 6,5 million AQSH dollarini tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yil yakunlari bo‘yicha ushbu ko‘rsatkich 25,7 million AQSH dollariga teng bo‘lgan.

Shu kunga qadar korxonada 1 ming 930 dan ortiq texnika vositalari ishlab chiqarilib, buyurtmachilarga yetkazib berilgan. Bu esa ishlab chiqarish hajmi yil sayin izchil o‘sib borayotganidan dalolat beradi.
Uchrashuv davomida korxona mas’ullariga “Bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimi qoidalari, bojxona imtiyozlari hamda tartib-taomillari yuzasidan batafsil ma’lumotlar berildi.

Yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanish va tashqi bozorlarda muvaffaqiyatli faoliyat yuritish bo‘yicha tegishli tavsiyalar bildirildi.
– “UZXCMG” korxonasi O‘zbekiston va Xitoy hamkorligining yorqin namunasi bo‘lib, yiliga yuzlab maxsus texnikalar ishlab chiqarish quvvatiga ega, – deydi “UZXCMG” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Alibek Ishchanov. – Albatta, ishlab chiqarish zanjirini butlovchi qismlar va xomashyo importisiz, shuningdek, tayyor mahsulotni eksportsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Bu jarayonda bojxona sohasidagi yengilliklar biz uchun juda muhim. Bugun Xorazm viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i bilan uchrashuvda o‘zimiz uchun kerakli tavsiyalarni oldik. Yengilliklardan unumli foydalansak, bojxona bilan bog‘liq jarayonlarda vaqt hamda sarf-xarajatni tejash va mahsulot tannarxini pasaytirish imkonini beradi.

Bunday sayyor uchrashuvlar hududlarda faoliyat yuritayotgan korxonalar bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, ularning muammolarini joyida o‘rganish hamda tezkor va amaliy yechimlar ishlab chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ahmadjon Shokirov, O‘zA muxbiri