Toshkentda Koreya Respublikasi festivali doirasida taekvondo musobaqasi o‘tkazildi
Mamlakatimizda boshlangan Koreya Respublikasi festivali doirasida poytaxtimizdagi “Universal” sport majmuasida o‘smirlar o‘rtasida taekvondo (WTF) bo‘yicha musobaqa tashkil etildi.
Mamlakatimizda boshlangan Koreya Respublikasi festivali doirasida poytaxtimizdagi “Universal” sport majmuasida o‘smirlar o‘rtasida taekvondo (WTF) bo‘yicha musobaqa tashkil etildi.Musobaqaning tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va sport ishlari vazirining birinchi o‘rinbosari M.Aliyev, Koreya Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Kvon Yon U va boshqalar O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov rahnamoligida sportni, jumladan, Olimpiya o‘yinlari dasturidan joy olgan sport turlarini rivojlantirishga qaratilgan e’tibor va g‘amxo‘rlik o‘zining yuksak samaralarini berayotganini alohida ta’kidladi.
O‘zbekiston taekvondo (WTF) assosiatsiyasi 1993-yil 6-avgustda ta’sis etilib, shu yilning o‘zida Butunjahon taekvondo federatsiyasiga a’zo bo‘ldi. Bugun mamlakatimizda minglab o‘g‘il-qiz ushbu sport turi bilan muntazam shug‘ullanmoqda. O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutining taekvondo bo‘limida malakali murabbiylar tayyorlanayotir. Olimpiya zaxiralari kollejlari, ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar olimpiya zaxiralari sport maktablaridagi taekvondo bo‘limlari, qator sport seksiyalari mahoratli sportchilarni tarbiyalashga xizmat qilmoqda.
Assotsiatsiya mintaqaviy federatsiyalar faoliyatini kuchaytirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, mashg‘ulot va musobaqalarni zamonaviy talablar darajasida tashkil etish uchun sharoit yaratish, xalqaro maydonda yuksak natijalar ko‘rsatishga qodir iste’dodli sportchilarni tarbiyalash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirmoqda. Sportchilarimizning jahon va qit’a chempionatlari, nufuzli turnirlar, Osiyo o‘yinlarida qo‘lga kiritayotgan natijalari soni va salmog‘i ortib bormoqda.
O‘zbekiston taekvondo assotsiatsiyasiga qarashli yangi barpo etilgan sport majmuasida ilk bor o‘tkazilayotgan musobaqa ham yoshlarning tajriba va mahoratini oshirish, ular orasidan iqtidorli sportchilarni saralash va terma jamoalarga jalb etish, nufuzli musobaqalarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishga qodir taekvondo ustalarini aniqlashga xizmat qiladi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan uch yuzdan ortiq o‘smir-qiz o‘nta vazn toifasida g‘oliblik uchun bahslashmoqda.
Musobaqa doirasida Koreya Respublikasining jahonga mashhur Kukkivon akademiyasi tarbiyalanuvchilarining chiqishlari namoyish etildi.