Yosh muhandislar loyihalari namoyish etildi
FOTOREPORTAJ
Bugungi kunda texnologiyalar jadal rivojlanayotgan bir paytda, yoshlar ushbu jarayonning faol ishtirokchisi sifatida o‘z salohiyatini namoyon etmoqda. Ularning innovatsion g‘oyalari, kreativ yondashuvi va yangi yechimlarga intilishi mamlakat taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etadi. “Yosh muhandis” respublika tanlovi ana shu salohiyatni qo‘llab-quvvatlash va yuksaltirish maqsadida tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirliklari, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti, Raqamli ta’limni rivojlantirish markazi va “Skillbox” kompaniyasi hamkorligida amalga oshirilayotgan ushbu loyiha mamlakatimiz yoshlarining texnologiyalar, muhandislik, robototexnika, innovatsiya va astronavtikaga bo‘lgan qiziqishini yanada kuchaytirish, ularning bu boradagi g‘oya, tashabbus va loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Joriy yilning 28-fevral sanasidan start olgan mazkur tanlovda 14-20 yoshli maktab o‘quvchilari va talabalardan tarkib topgan jami 133 jamoa ishtirok etdi. Ular maishiy hamda ijtimoiy muammolarni hal etishga yordam beruvchi 150 ga yaqin muhandislik ishlanmalarini tanlovga taqdim etdi. Saralash natijalariga ko‘ra, eng munosib topilgan 50 ta loyiha yakuniy bosqichga yo‘naltirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi binosida tanlovining final bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda respublika bo‘ylab saralangan 100 nafar ishtirokchi jamoalar tarkibida g‘oliblik uchun bahs olib bordi.
Soha ekspertlaridan iborat hakamlar hay’ati a’zolari yoshlarning muhandislik ishlanmalarini kreativligi, innovatsion yondashuvi, loyihaning amaliyotga tadbiq etilishi, ilmiy asosliligi, ijtimoiy va ekologik ahamiyati, taqdimot sifati mezonlari bo‘yicha baholadi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Qashqadaryo viloyatining “Robototexnika Reactive_uz” hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasining “SunD3nova” jamoasi birinchi, Qashqadaryoning “Robbit Kids” jamoasi ikkinchi hamda poytaxtning “TUIT Robotics” jamoasi uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
Shuningdek, ishtirokchilardan Abrorbek Bahodirov o‘z ishlanmasi bilan “Eng innovatsion loyiha” nominatsiyasi g‘olibi sifatida e’tirof etildi.
Eng istiqbolli yosh muhandislar, deb topilgan “Sehriyo team” jamoasi Turkiyaning Izmir shahridagi yozgi kosmik lagerga sayohat uchun yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
[gallery-29168]
Mazkur natijalar shuni ko‘rsatadiki, sohada amalga oshirilayotgan tashabbuslar yoshlarning nafaqat texnik bilim va ko‘nikmalarini oshirishga, balki ularning real muammolarga innovatsion yechimlar topish salohiyatini rivojlantirishga ham xizmat qilmoqda.
Muhimi, “Yosh muhandis” tanlovi orqali yaratilayotgan loyihalar faqat nazariy g‘oya darajasida qolmay, balki amaliyotga joriy etilishi bilan ahamiyatli. Bu esa kelajakda mamlakatning texnologik mustaqilligi, innovatsion iqtisodiyoti va kosmik sohadagi salohiyatini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Kamola Yusupova,
Muhammad Amin (surat), O‘zA