Yashnobod tumanida jamoat xavfsizligini ta’minlash ishlari qanday yo‘lga qo‘yilgan?
Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi A.Eshmurodov hamda adliya vaziri A.Toshqulov boshchiligidagi ishchi guruh poytaxtning Yashnobod tumanida mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish hamda aholi tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rgandi.
Jamoat xavfsizligini mustahkamlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, shuningdek, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish orqali profilaktika tizimini takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ishchi guruh tomonidan savdo ob’ektlari, umumiy ovqatlanish maskanlari, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari hamda aholi gavjum bo‘ladigan boshqa jamoat joylarida o‘rnatilgan “tashvish tugmalari”ning texnik holati, ularning uzluksiz ishlashini ta’minlash darajasi hamda tezkor xizmatlar – ichki ishlar organlari, tez tibbiy yordam va favqulodda vaziyatlar xizmatlari bilan integratsiyasi atroflicha o‘rganildi.

Shu bilan birga, ushbu texnik vositalarning real holatda ishlash samaradorligi, ular orqali kelib tushayotgan murojaatlarga tezkor javob qaytarish tizimi, signallarni qabul qilish va qayta ishlash mexanizmlari, shuningdek, mas’ul tashkilotlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik darajasi tahlil qilindi.
O‘rganishlar davomida ayrim ob’ektlarda texnik nosozliklar, qurilmalar samaradorligi pastligi hamda fuqarolar va xodimlarning ulardan foydalanish bo‘yicha xabardorligi yetarli emasligi kabi kamchiliklar aniqlandi.
Aniqlangan muammolar yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralar, mahalliy hokimlik hamda mas’ul tashkilotlar vakillariga manzilli ko‘rsatmalar berildi. Jumladan, texnik vositalarni ta’mirlash va modernizatsiya qilish, zamonaviy xavfsizlik tizimlarini joriy etish, “tashvish tugmalari”ni yagona dispetcherlik tizimiga integratsiya qilish hamda mas’ullarning faoliyatini muvofiqlashtirish vazifalari belgilandi.

Mahallalarda “xavfsiz hudud” tamoyilini keng joriy etish, aholining huquqiy ongi va madaniyatini oshirish hamda jamoat xavfsizligini ta’minlashda fuqarolar ishtirokini kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Ishchi guruh tomonidan bildirilgan taklif va tavsiyalar asosida kelgusida ushbu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish, jinoyatchilikni kamaytirish hamda aholi uchun xavfsiz va qulay yashash muhitini yaratishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilandi.
N.Abduraimova, O‘zA