Ilm va meros sari sayohat: Namangan yoshlari Islom sivilizatsiyasi markazida
Har bir millatning kelajagi mamlakat yoshlariga bog‘liq. Ular o‘z bilimi va ma’rifati bilan kelajakni barpo qiladi. Shu nuqtai nazardan, yoshlarni tarixiy va ilmiy meros bilan, ma’rifiy an’analar bilan yaqindan tanishtirish alohida ahamiyatga ega. Namangan viloyati delegatsiyasining poytaxtimizda qad rostlagan muhtasham ilmiy-ma’rifiy maskan – Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifi ana shu maqsad yo‘lidagi muhim tadbir bo‘ldi.
Ushbu markaz yurtimizning boy tarixiy merosi, islom sivilizatsiyasining jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasi va buyuk ajdodlarimizning ilmiy faoliyatini zamonaviy yondashuv asosida namoyon etuvchi noyob majmua sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.
Delegatsiya tarkibida viloyat hokimi o‘rinbosari, yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i, tashabbuskor yoshlar yetakchilari, shuningdek ishsiz hamda faol yoshlar ishtirok etdi. Umumiy hisobda 150 nafar delegatsiya a’zolari markaz faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Tashrif davomida mehmonlarga markazning konsepsiyasi, unda yaratilgan sharoitlar, noyob qo‘lyozmalar fondi, interaktiv ekspozitsiyalar hamda ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Markazdagi ekspozitsiyalarda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulug‘bek kabi buyuk ajdodlarimizning ilmiy merosi, ularning jahon ilm-fani rivojiga qo‘shgan hissasi zamonaviy texnologiyalar orqali jonli va ta’sirchan tarzda aks ettirilgan. Bu esa tashrif buyurgan yoshlarda chuqur taassurot qoldirib, ularda tarixga, ilmga va milliy qadriyatlarga nisbatan yanada chuqur qiziqish uyg‘otdi.
[gallery-28449]
Yoshlar o‘z taassurotlarida markazni nafaqat tarixiy maskan, balki kelajak sari yo‘l ko‘rsatuvchi ilmiy manba sifatida baholadi. Ularning fikricha, bu yerda yaratilgan sharoitlar o‘qish, izlanish va o‘z ustida ishlashga undaydi. Ayniqsa, ajdodlarimizning ilmiy yutuqlari bilan yaqindan tanishish yoshlar qalbida “biz ham shunday buyuk ishlarni amalga oshirishimiz mumkin”, degan ishonchni mustahkamladi.
Shuningdek, markazda mavjud interaktiv zonalar, zamonaviy multimedia vositalari orqali berilayotgan ma’lumotlar yoshlar e’tiborini tortdi. Bu esa an’anaviy muzey formatidan farqli ravishda tashrif buyuruvchiga ma’lumotni qiziqarli va esda qolarli tarzda yetkazish imkonini bermoqda.
– Mazkur tashrif yoshlarning ma’naviy dunyoqarashini boyitish, ularda milliy g‘urur va vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash, eng muhimi, ilm-fanga bo‘lgan intilishlarini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi, - deydi Namangan viloyati yoshlar ishlari boshqarmasi Axborot xizmati rahbari Husanboy Poshshoxonov. – Yoshlar bu yerda o‘z ildizi, tarixini yanada chuqurroq anglab, ajdodlarimiz amalga oshirgan buyuk ishlar bilan yaqindan tanishdi. Bu esa ularni o‘z oldiga ulkan maqsadlar qo‘yishga, ilm olishga va yurt ravnaqi uchun xizmat qilishga undadi.
Umuman olganda, bunday tashriflar yoshlarning nafaqat bilimini, balki ma’naviy dunyoqarashini boyitishda muhim o‘rin tutadi. Shu bois kelgusida ham yoshlarni shunday ilmiy-ma’rifiy maskanlarga jalb etish orqali ularning har tomonlama rivojlanishiga alohida e’tibor qaratish rejalashtirilgan.
Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif kelajak sari ilmiy va ma’naviy yo‘l ko‘rsatuvchi muhim maskan sifatida yoshlar qalbida chuqur iz qoldirdi.
Kamola Yusupova, O‘zA suratlari