Yashirishga uringan garovdagi mashina xatlandi
Namanganda Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi tomonidan sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining ijrosini ta’minlash maqsadida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, byuro viloyat boshqarmasi ish yurituvida qarzdor U. B. dan undiruvchi aksiyadorlik tijorat "Kapitalbank" foydasiga jami 278 million 132 ming 703 so‘m miqdoridagi kredit qarzdorligini undirish haqidagi ijro hujjati mavjud bo‘lgan.
– Ijro harakatlari davomida mazkur qarz majburiyatlarini ta’minlash uchun garovga qo‘yilgan, qiymati 266 million so‘mga teng bo‘lgan avtotransport vositasi belgilangan tartibda qidiruvga berilgan edi, – deydi MIB Namangan viloyati boshqarmasi mas’ul xodimi Sohibjon Rafiqov. – Boshqarma hamda tegishli mas’ul xizmatlar tomonidan olib borilgan qidiruv tadbirlari natijasida ushbu avtotransport vositasining joylashgan manzili aniqlanib, transport vositasi xatlandi.

Amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq, xatlangan mol-mulk belgilangan tartibda baholanib, qarzdorlikni qoplash maqsadida keyingi ijro harakatlari amalga oshiriladi.
Majburiy ijro byurosi sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining o‘z vaqtida, to‘liq ijrosini ta’minlash, shuningdek, kreditorlarning qonuniy huquq hamda manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha izchil ishlarni davom ettirmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri