Namanganda aholiga 35 ming tonnadan ziyod suyultirilgan gaz yetkazildi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 27-iyulida yoqilg‘i-energetika tarmog‘idagi kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida suyultirilgan gazdan foydalanish raqamlashtirilib, tartibga keltirilgan bo‘lsa-da, o‘z vaqtida va kafolatli yetkazib berish masalasi to‘liq hal etilmagani qayd etilib, xonadonlarning real ehtiyojidan kelib chiqib, gaz ballonlari hajmini tabaqalashtirish taklif qilindi.
Aholini energiya resurslari bilan uzluksiz va sifatli ta’minlash kommunal xizmat ko‘rsatish idoralari oldida turgan dolzarb vazifalardan biridir. Binobarin, bu "Hududgaz Namangan" gaz ta’minoti filiali faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan hisoblanadi.

Ta’kidlash joizki, tizimda erishilayotgan har bir natija va raqam zamirida mashaqqatli mehnat yotadi. Ayni paytda viloyatda suyultirilgan gazni iste’molchilarga manzilli va shaffof yetkazib berish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda suyultirilgan gaz iste’molchilarining 61 foizini qamrab olgan holda, 2026-yilning yanvar-iyun oylarida 754 ta mahalladagi 488 ming 83 nafar iste’molchiga “Face ID” tizimi asosida jami 35 ming 472,53 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi.

– E’tiborlisi shundaki, yangi raqamlashtirish tizimi gaz ballonlarini tarqatish xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish hamda mahsulotning bevosita haqiqiy iste’molchiga yetib borishini nazorat qilish imkonini bermoqda, – deydi “Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filiali suyultirilgan gaz ta’minoti bo‘yicha direktor o‘rinbosari Murodjon Xo‘jayev. – Yetkazib berilgan suyultirilgan gaz hajmini hududlar kesimida tahlil qiladigan bo‘lsak, eng ko‘p ta’minot Namangan shahri (3 533,86 tonna), Norin (3 510,18 tonna), To‘raqo‘rg‘on (3 343,80 tonna), Kosonsoy (3 285,84 tonna), Uychi (3 232,88 tonna) va Yangiqo‘rg‘on (3 099,82 tonna) tumanlari hissasiga to‘g‘ri keldi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri