“Yashil makon”: yutuqlar bilan birga muammolar ham bor
Xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashining agrar, suv va ekologik masalalar bo‘yicha doimiy komissiyasi hamda “Yuksalish” harakati hududiy bo‘linmasi tashabbusi bilan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokamasiga bag‘ishlangan jamoatchilik eshituvlari o‘tkazildi.
Eshituvlarda davlatimiz rahbarining 2026-yil 16-fevraldagi “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalar ijrosi, jumladan, viloyatda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, daraxtlarni raqamlashtirish va pasportlashtirish ishlarining borishi atroflicha ko‘rib chiqildi. Shuningdek, tadbirda jamoatchilik monitoringi natijalari va mas’ul tashkilotlar rahbarlarining hisobotlari eshitildi.
Ma’lum qilinishicha, 2026-yil 24-iyun holatiga ko‘ra, Navoiy viloyatida besh yildan oshgan 8 ming 439 tup meva va manzarali daraxt “Yashilmakon.eco” elektron platformasiga kiritilgan. 2025-yil bahor va kuz mavsumlarida rejalashtirilgan 17 million 684 ming tup o‘rniga 18 million 186,2 ming tup ko‘chat ekilib, platformaga kiritilgan. Joriy yil bahorida esa rejadagi 5 million 171 ming tup o‘rniga 5 million 439 ming tup manzarali va mevali daraxt hamda buta ko‘chatlari ekilgani qayd etildi.

Monitoring davomida hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi. Jumladan, Navoiy shahrida daraxtlarni raqamlashtirish ishlari davom etmoqda. Shu bilan birga, sug‘orish tizimlarini yaxshilash maqsadida 2,2 kilometr ariq va 3,3 kilometr quvurlar ta’mirlangan, 18 ta vertikal quduq ishga tushirilgan. Ko‘chatlarni sug‘orish uchun maxsus texnikalar ajratilgan.
Navbahor tumanida esa turli hududlarda ekilgan ko‘chatlar tomchilatib sug‘orish, quduq suvi, motopompa, elektr nasoslari va maxsus suv tashuvchi texnikalar orqali sug‘orilmoqda.
Nurota tumanida “Yashil bog‘”, “Yoshlar bog‘i” va “Mustaqillik bog‘i”da zamonaviy sug‘orish tizimlari tashkil etilgan. Shuningdek, Nurota - Samarqand avtomobil yo‘li bo‘ylab 16 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish tizimi barpo etilgan.
Biroq monitoring davomida qator kamchiliklar ham aniqlandi. Ayrim hududlarda sug‘orish tizimlarining yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagani sababli ko‘chatlar qurib qolmoqda. 2026-yil 15-iyun holatiga ko‘ra, viloyatda 54 ming 168 tup daraxt nobud bo‘lgan. Buning asosiy qismi Xatirchi, Karmana va Navbahor tumanlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Qiziltepa tumani hududida M–37 avtomobil yo‘li bo‘ylab ekilgan 150 dan ortiq manzarali daraxt ko‘chatlari parvarish yetarli bo‘lmagani uchun to‘liq qurib qolgani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, ayrim hududlarda daraxtlarning noqonuniy kesilishi va chorva mollari tomonidan shikastlanishi holatlari ham qayd etilgan.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi viloyat boshqarmasi tomonidan mavsum boshidan buyon daraxtlarni sug‘orish bo‘yicha 31 ta ko‘rsatma berilgan. Tabiatni muhofaza qilish qonunchiligi buzilishi bilan bog‘liq 35 ta holat aniqlanib, 144 million so‘mdan ziyod jarima qo‘llanilgan.
Mutaxassislar fikricha, daraxtlarni inventarizatsiya qilish va pasportlashtirish ishlari yakuniga yetmoqda. Elektron bazadagi ma’lumotlar amaldagi holatga mos keladi, raqamlashtirilgan daraxt va ko‘chatlarning 95 foizdan ortig‘i yaxshi vegetativ holatda saqlanmoqda.

Jamoatchilik eshituvlari yakunida mas’ul idoralarga sug‘orish tizimlarini yanada takomillashtirish, ko‘chatlarning saqlanishini ta’minlash va “Yashil makon” loyihasi samaradorligini oshirish bo‘yicha tegishli taklif va tavsiyalar berildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri