Yangi Namanganda aholiga xizmat ko‘rsatishning zamonaviy markazi barpo etildi
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati Norin tumanidagi Yangi Namangan mahallasida barpo etilgan axborot va servis markazi aholiga davlat va ijtimoiy xizmatlarni yaqinlashtirish, mahalliy muammolarga tezkor va zamonaviy yechim topishga xizmat qilmoqda.
Zamonaviy va milliy me’morchilik uyg‘unligida qurilgan uch qavatli binoda mahalla yettiligi a’zolari uchun alohida xonalar, ijtimoiy xizmat ko‘rsatish va ma’naviyat zali, Davlat xizmatlari markazi filiali joylashgan. Shuningdek, binoda notarial idora, xizmat ko‘rsatuvchi bank, kadastr agentligi, ayollar sog‘lomlashtirish va huquqiy targ‘ibot xonalari ham faoliyat yuritadi. Yuqori qavatda esa zamonaviy kutubxona – axborot resurs markazi tashkil etilgan.
[gallery-30242]
Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov boshchiligida mas’ul idoralar rahbarlari markazda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Tashrif davomida IT yo‘nalishida startap loyihalar ustida ishlayotgan yoshlarning taqdimoti ham ko‘rib chiqildi.
Shu yerning o‘zida mahalla fuqarolar yig‘inlari qoshida faoliyat yuritayotgan keksalar guruhlari a’zolari va nuroniylar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Muloqotda yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA